Iste’molchi farzandlari uchun xarid qilgan maktab formalari sotuvchiga qaytarildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Pichoqchi» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi G.Q.ning farzandlari uchun xarid qilgan maktab formasini savdo do‘koniga qaytarilishida amaliy yordam so‘rab yozilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u shaharning «Ipakchi buyum bozori» hududidagi savdo do‘konidan 365 000 so‘mga 3 nafar qiz farzandlari uchun maktab formasi (kofta va yubka) xarid qiladi. Formalar uyga keltirilgach, iste’molchining qaynonasi uning qizlari boradigan maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashi bois, xarid qilingan formani eski fasondaligini, nevaralarining maktabdagi tengdoshlari boshqa fason va rangdagisidan xarid qilganliklarini, shuningdek mazkur kiyimlarni maktab standartlari va talablariga ham biroz mos kelmasligini aytgach, sotuvchiga kelib ularni boshqasiga almashtirib berishini iltimos qiladi. Sotuvchi u so‘ragan fasondagi formalar sotib bo‘linganini aytganidan so‘ng, pulini qaytarish talabini qo‘yadi. Lekin uning bu talabi ham bajarilmaydi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchida maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida almashtirib olish, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olish huquqi mavjud. Shahar jamiyati mutaxassislari sotuvchi bilan uchrashib, qonunning mazkur talabi yuzasidan tushuntirish berganlaridan so‘ng, sotuvchi iste’molchining 365 000 so‘m pulini qaytarib berdi.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment