Tibbiyot muassasasida press-tur tashkillandi

Tibbiyot muassasasida press-tur tashkillandi

Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat OITSga qarshi kurash markazida press-tur o‘tkazildi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari va boshqarmalarning axborot xizmatlari vakillari qatorida Federatsiya tizimida matbuot va axborot yo‘nalishida mehnat faoliyati olib borayotgan xodimlar ham ishtirok etdilar.

Mamlakatimiz iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligi ijrosini ta’minlashda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasining viloyatdagi hududiy tashkilotlari bilan olib borilayotgan ijtiomiy sheriklik va hamkorlik aloqalarining ham o‘ziga xos o‘rni va ahamiyati bor. Shu nuqtai nazardan hududiy birlashma boshqarma tomonidan tashkillanayotgan media tadbirlarda faol hamkor sifatida ishtirok etib kelmoqda.

OITSga qarshi kurash markazida tashkillangan tadbirda dastlab markaz bosh shifokori E’zoz Abdumutalova xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatimizda OITS kasalligi tarqalishini oldini olish, ushbu yo‘nalishda aholi o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari, kasallikka chalingan bemorlarni tizimli asosda davolash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida axborot berib o‘tib, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytardi.

Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar markaz bo‘limlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar hamda mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

Hududiy birlashma Axborot xizmati   

Post Comment