Iste’molchiga 31 million so‘m puli qaytarib olib berildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Uchko‘prik tumani «Baxrin» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi A.B.ning avtomashina xarid qilish uchun avans tariqasida to‘langan pul mablag‘ini qaytarish bo‘yicha murojaati o‘rganildi.
Mazkur murojaat dastlab iste’molchining yashash hududi bo‘yicha Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kelib tushgan. Tuman jamiyati masalani hududiy tegishliligi bo‘yicha o‘rganib chiqilib, belgilangan tartibda hal qilinishida Farg‘ona shahar jamiyatidan amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi 25.11.2022 yil kunida Farg‘ona shahridagi «Umid avto companies» MChJ bilan №08/11F-24-sonli shartnoma imzolab, uning asosida Damas avtomobili xarid qilish uchun oldindan 31 119 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Shartnomaga ko‘ra, avtomashina iste’molchiga 120 ish kunida yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu muddat o‘tib bo‘lgan bo‘lsada shartnomaning mazkur talabi bajarilmagan. Iste’molchining yuzaga kelgan holatda pul mablag‘ini qaytarib olish bo‘yicha harakatlari ijobiy samara bermagan.
Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o‘rganish yakunlari bilan MChJ rahbariyati nomiga amaldagi qonunchilik talablari va qonunchilik talablarini bajarilmasligi natijasida kelib chiquvchi salbiy oqibatlarni o‘zida aks ettirgan da’vo talabnomasi kiritilgach, iste’molchining avans tariqasida, oldindan to‘lov sifatida amalga oshirgan 31 119 000 so‘m pul mablag‘i o‘ziga qaytarilishiga erishildi.
Azamatjon Babayev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment