Ayrim turdagi tovarlarni ishlatib ko‘rsatish, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish sotuvchining majburiyatidir
Buvayda tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Oltiariq tumanilik S.O.ning iste’mol krediti shartlarida xarid qilingan skuterdagi nosozliklar yuzasidan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u Buvayda tumanidagi «Osiyo» savdo do‘konidan umumiy qiymati 18 768 000 so‘m bo‘lgan elektroskuterni 2 800 000 so‘m oldindan to‘lov qilib, qolgan qiymatini bir yil davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan. Sotuvchi oldi-sotdi jaranida skuter bir zaryadlash bilan 50 kmgacha masofani bosib o‘tishini aytgan bo‘lsada, xonadonga keltirib foydalanish jarayonida birinchi marta zaryadlashda 28 km, ikkinchisida esa 30 km masofa yurib zaryadi tugagan. Shundan so‘ng sotuvchiga skuter akkumulyatorini almashtirib berilishi talabini qo‘yib, oylik to‘lovlarni shundan so‘ng amalga oshirishini ma’lum qilgan.
Murojaatni o‘rganish davomida skuter sotuvchining do‘koniga keltirilib, mutaxassis tekshiruvidan o‘tkazildi. Skuterni zaryadlab bosib o‘tgan masofasi o‘lchanganda, u bir zaryad bilan 48 km masofani bosib o‘tdi. Shundan so‘ng murojaat egasiga skuterni zaryadlash bo‘yicha yo‘l-yo‘riq va qo‘shimcha tushuntirishlar berilgach, iste’molchi nosozlik aniqlanmagan skuterni xonadoniga olib ketdi.
Shu o‘rinda turli maishiy texnikalarni realizasiya qilish bilan shug‘ullanayotgan sotuvchilarga oldi-sotdi jarayonida iste’molchilarga sotilayotgan texnikalarni ishlatib ko‘rsatishni, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishlarini so‘rab qolamiz, zero bu sotuvchilarni «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan majburiyatlaridan biridir.
Asrorjon Yigitaliyev,
tuman jamiyati raisi.
Post Comment