Iste’molchi qarzdor emas, balki haqdor bo‘lib chiqdi
Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida “To‘raobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Q.P.ning unga tabiiy gaz to‘lovlaridan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi va holatga aniqlik kiritib berilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Fuqaroga ko‘ra, gaz idorasi xodimi ularning xonadonida to‘lovlardan 900 000 so‘m qarzdorlik yuzaga kelganligini aytganidan so‘ng, tuman gaz idorasiga borib mazkur masalaga o‘z kuchi bilan aniqlik kirita olmagan. Shundan so‘ng tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilib kelgan.
Murojaatni o‘rganish maqsadida fuqaro xonadoniga borilganda, gaz hisoblagich uskunasining plombalari saqlangan, ishchi holatdaligi kuzatildi. Tuman gaz idorasiga fuqaroning iste’mol ko‘rsatkichlari hamda amalga oshirgan to‘lovlari masalasida so‘rov xati kiritilgach, gaz idorasida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida olib borilgan qayta hisob-kitob ishlarida fuqaroda qarzdorlik emas, aksincha 784 000 so‘m miqdorida haqdorlik mavjudligi ma’lum bo‘ldi. O‘tkazilgan o‘rganish natijalari yuzasidan fuqaroga yozma ravishda ma’lum qilindi.
Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment