Maqbul sifatdagi tovar uchun to‘langan pul qaytarib olindi
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra iste’molchida maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida almashtirib olish huquqi mavjud. Ushbu huquqdan foydalanish uchun esa tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, qadog‘i bilan qaytarilgan, iste’mol xususiyatlari saqlangan bo‘lishi talab etiladi. Shu o‘rinda, tovarning Hukumat qarori bilan tasdiqlangan qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarlarga almashtirilmaydigan tovarlar ro‘yxatida turmasligiga ham alohida e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.
Rishton tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga «Beshkapa» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi E. Yo.ning qilgan murojaati aynan ana shu masalada bo‘lib, murojaatda farzandi uchun xarid qilingan sport kiyimining o‘lchami biroz mos kelmaganligi sababidan uni sotuvchiga qaytarib, tovar uchun to‘lagan 130 000 so‘m pulini qaytarib ololmayotganligi borasidagi shikoyati aks etgan.
Tuman jamiyati mutaxassisi murojaatni o‘rganish davomida iste’molchiga sport kiyimini sotgan sotuvchi bilan uchrashganida sport kiyimi aynan ushbu sotuvchidan xarid qilingani, iste’molchi unga o‘lchami mos kelmagan tovarni qaytib olib, pulini qaytarib olish masalasida murojaat qilgani to‘g‘risidagi vajlar isbotini topdi. Sotuvchiga «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasi talablari tushuntirilishi bilan esa muammo yechim topib, tovar sotuvchiga, pul mablag‘i esa iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.
Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment