Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ob’ektlar va xizmatlarning qulayligi prinsipini ta’minlab berilayotganligi holatlari yuzasidan jamoatchilik nazorati tarzida o‘rganish ishlari o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori bilan belgilab berilgan huquqlardan, shuningdek bu borada nogironligi bo‘lgan shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlardan kelib chiqqan holda, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun 4-moddasidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar (iste’molchilar) uchun ob’ektlar va xizmatlarning qulayligi prinsipini ta’minlab berilayotganligi holatini o‘rganish hamda bu borada tegishli takliflar ishlab chiqish maqsadida viloyat hududidagi, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatuvchi ob’ektlar: supermarketlar, bozorlar, umumiy ovqatlanish va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtoshohbekatlar hamda boshqa shu turdagi jamoat joylariga nogironligi bo‘lgan shaxslarning kirib-chiqishi uchun sharoitlar (pandus)ning yaratilganligi, shuningdek hojatxonalarning mavjudligi va ularda nogironligi bor shaxslar uchun alohida sharoitlar nazarda tutilganligi holatlari, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi viloyat bo‘linmasi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi viloyat hududiy birlashmasining 13.11.2023 yildagi Qo‘shma buyrug‘i asosida, tuman va shahar hududlarida Nogironlar jamiyatlari mas’ullari hamkorligida jamoatchilik monitoringi (kuzatuv-o‘rganish) tarzida o‘rganishdan o‘tkazildi.
O‘rganishlarda asosiy e’tibor:
– nogironligi bo‘lgan shaxslarning mazkur ob’ektga erkin kirib-chiqish imkoniyatining yaratilganligi – pandus;
– ob’ekt ikki va undan ortiq qavatli bo‘lganda nogironligi bo‘lgan shaxslarning uning yuqori qavatlariga chiqish imkoniyatlari ta’minlanganligi;
– ob’ektda hojatxona mavjudligi va undan nogironligi bor shaxslar foydalanishi uchun sharoitning yaratilganligi;
– ob’ekt hududida avtotransport vositalarini to‘xtab turish joyining mavjudligi va bu joyda nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalari uchun alohida maxsus joy (joylar) ajratilganligi;
– to‘xtab turish joyining tegishli yo‘l belgilari (5.15. To‘xtab turish joyi va 7.17. Nogironlar) bilan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalari uchun alohida maxsus joyning yo‘l chiziqlari (1.24. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joyi) bilan jixozlanganligi holatlariga qaratildi.
O‘rganishlar davomida viloyatning 16 ta hududidagi 95 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga qarashli bo‘lgan ob’ektlar kuzatuvdan o‘tkazildi. Shularning 45 tasi aholiga savdo, umumiy ovqatlanish, transport, moliyaviy, tibbiy va boshqa turdagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi xususiy mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, 50 tasi esa aholiga turli davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlatga qarashli tashkilotlardan iborat bo‘ldi.
O‘rganishda yuqoridagi jami 95 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning 70 tasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ob’ektga erkin kirib-chiqish imkoniyatlari yaratib berilgan (pandus qilingan)ligi, mazkur panduslarning 16 tasi amaldagi talablarga to‘liq javob bermasligi (maxsus panjara bilan jixozlanmagan) kuzatildi. Kuzatilgan 25 ta ob’ektlarda esa turli sabablar bilan pandus qilinmagan.
O‘rganishdan o‘tkazilgan jami sub’ektlarning 12 tasida hojatxonalar yo‘q. Bular Qo‘qon shahridagi 3 ta, Quvasoy shahri, Toshloq, Uchko‘prik, Beshariq tumanlaridagi 2 tadan, Quva tumanidagi 1 ta ob’ektlardir. Hojatxonalar mavjud bo‘lgan 83 ta ob’ektdagi hojatxonalarning 80 tasi o‘sha ob’ektni tasarruf qilayotgan tashkilotga tegishli bo‘lib, qolgan 3 tasi boshqa sub’ektlar tomonidan tasarruf qilinadi. Yuqoridagilarning ichidan 8 ta hojatxonlarda pulli xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Pulli xizmat ko‘rsatayotgan hojatxonalarda mas’ullar tomonidan nogironlar uchun bepul xizmat ko‘rsatilishi bildirilgan bo‘lsada, amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, imtiyozga ega bo‘lgan shaxsga bepul xizmat ko‘rsatilishi to‘g‘risida ogohlantirish mazmunida yozuvlar qo‘yilmagan. Bu esa o‘z navbatida ushbu ob’ektlarda barchadan to‘lov olinishini bildiradi. Jami 83 ta hojatxonalarning 25 tasidagina nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan, xolos. Qolgan 58 ta hojatxonadan nogironligi bo‘lgan shaxs foydalana olmaydi yoki foydalanishida qiyinchiliklarga duch keladi.
O‘rganilgan ob’ektlarning 59 tasida tashkilot oldida avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylari tashkillanganligi, ular jami bo‘lib 1354 ta avtomobil o‘rniga egaligi, shularning 58 tasi ushbu tashkilotlarning o‘z tasarrufidaligi qayd qilindi. Yuqoridagilardan 3 ta (Oltiariqda 1 ta, Rishtonda 2 ta) to‘xtab turish joylari pullik asoslarda xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu pullik to‘xtab turish joylari mas’ullari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtomobillari uchun to‘lov olinmasligi bildirilgan bo‘lsada, imtiyozga ega bo‘lgan shaxsga bepul xizmat ko‘rsatilishi to‘g‘risida ogohlantirish mazmunida yozuvlar qo‘yilmagan. Bu esa o‘z navbatida ushbu ob’ektlarda barchadan to‘lov olinishini bildiradi.
Jami 59 ta avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylarining 13 tasida, ushbu joylar uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar tomonidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun alohida joylar ajratilganligi ma’lum qilingan bo‘lsada, nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalariga ajratilgan to‘xtab turish joyi amaldagi yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, 1.24. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joyi yotiq chiziqlari bilan jixozlanmagan. Bu esa o‘z navbatida mazkur imtiyozli o‘rindan foydalanishda turli kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi.
Umuman olganda o‘rganishdan o‘tkazilgan birorta ham avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylari, amaldagi yo‘l harakati qoidalari talablariga zid ravishda, tegishli “5.15. To‘xtab turish joyi” va “7.17. Nogironlar” yo‘l belgilari bilan jixozlanmaganligi, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalariga ajratilgan to‘xtab turish joyi 1.24. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joyi yotiq chiziqlari bilan jixozlanmaganligi qayd qilindi.
Yuqoridagi holatlar amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning “Iste’molchilarning asosiy huquqlari” aks etgan 4-moddasidagi iste’molchilarni to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)larni erkin tanlash, ularning xavfsiz bo‘lishi, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavf tug‘dirmasligi kabi prinsiplari ta’minlab berilmayotganligini ko‘rsatadi.
Qonunning mazkur moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, iste’molchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlari uchun qonunchilik bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat ko‘rsatishning boshqa turlari bo‘yicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkin.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqilsa, davlatimiz tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar (iste’molchilarning ayrim guruhlari) uchun qonunchilik bilan belgilangan imtiyozlar va afzalliklar ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan to‘laqonli shaklda ta’minlab berilmayapti.
Shuningdek, yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari Qonunning “Xalqaro shartnomalar va bitimlar” deb nomlangan 3-moddasidagi:
Agar O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnoma yoki bitimda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi, degan normasidan kelib chiqilsa, xalqaro huquq normalari bilan nogironlarga berilgan huquqlarning O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalar va bitimlar vositasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini ham to‘laqonli bajarilmayotganligi bildiradi.
Shuning bilan birgalikda, bu borada belgilangan tartib-qoidalarga amal qilmaslik «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish; nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik; insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi; ob’ektlar va xizmatlarning qulayligi; nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat va davlatning hayotiga jalb etish kabi prinsiplari buzilayotganligini ham bildiradi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan holatlarni jamlagan holda, jamoatchilik nazorati yakunlari bilan qayd etilgan qonunbuzilishi, amaldagi tartib-qoidalarga rioya qilmaslik holatlarini bartaraf qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonunchilik bilan belgilab berilgan huquqlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarilishiga erishish maqsadida quyidagi takliflar bildiriladi:
1. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat va nodavlat idoralari, savdo, umumiy ovqatlanish, davolanish, dam olish va ko‘ngilochar xizmatlar hamda boshqa xizmatlarni ko‘rsatuvchi ob’ektlarga erkin kirib-chiqish imkoniyatlari yaratib berilishi shart. Bunda kirib-chiqish imkoniyatini yaratib beruvchi panduslar barcha joylarda aniq hisob-kitoblar asosida tasdiqlangan standartda bo‘lishi (o‘lchamlari, qiyaligi va b.), shu kabi standartlarga amal qilingan maxsus panjara bilan jixozlangan bo‘lishi talab etiladi.
2. Agar ob’ekt ikki yoki undan ko‘p qavatli bo‘lsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqat ushbu ob’ektning birinchi qavatiga, balki uning yuqori qavatlariga ham erkin chiqa olish imkoniyatlari ko‘zda tutilishi lozim.
3. Aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatuvchi xususiy tashkilotlarda, shuningdek davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarda jamoatchilik foydalanishi uchun hojatxona bo‘lishi, hojatxona bitta kabinadan iborat bo‘lganda o‘sha kabinani o‘zida, agar bir necha kabinalardan iborat bo‘lganda ulardan bittasida nogironligi bo‘lgan shaxs uchun qo‘shimcha sharoit yaratib berilishi shart. Agar hojatxona pulli asosda xizmat ko‘rsatsa va unda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imtiyoz (to‘lov qilmaslik) nazarda tutilgan bo‘lsa, bu haqda hojatxonaning kirish qismiga va hamma tanishishi uchun qulay joyga alohida ma’lumot (yozuv) qo‘yib qo‘yilishi lozim.
4. Agar ob’ekt hududida avtotransport vositalarini to‘xtab turish joyi mavjud bo‘lsa, bu joyda bepul yoki pulli xizmat ko‘rsatilishidan qat’i nazar, to‘xtab turish joyining kirish va chiqish qulay bo‘lgan qismida, nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joyi umumiy maydonining kamida 5 foizi (kamida 2 ta joy) ajratilishi lozim.
Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun ajratilgan to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun haq olinmasligi haqida hammaning e’tiboriga, ularning tanishishi qulay shaklda ma’lumot yetkazilishi shart.
To‘xtab turish joyi tegishli yo‘l belgilari: 5.15. To‘xtab turish joyi va 7.17. Nogironlar bilan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalari uchun alohida maxsus joy (joylar) 1.24. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joyi yo‘l chiziqlari bilan jixozlanishi shart.
Yuqoridagi takliflarni to‘laqonli amaliyotga tadbiq etilishi O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlab berilishini ko‘zda tutuvchi Hukumatimizning bir qator qarorlari, xususan «Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi Nizom» talablari ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zNNTMA Farg‘ona viloyat bo‘linmasi,
O‘IHHQJF Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi
Post Comment