Jadvalga amal qilinmagani ortidan xizmat summasidan tegishli qismi chegirib tashlandi

Jadvalga amal qilinmagani ortidan xizmat summasidan tegishli qismi chegirib tashlandi

Aksariyat hollarda aholi vakillari o‘z hududlariga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilot haqida to‘laqonli ma’lumotlarga ega emasligi, belgilangan tartibga ko‘ra, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim qilingan ommaviy oferta shartnomasi, shuningdek chiqindilarni olib chiqib ketish jadvallaridan bexabarligi mazkur yo‘nalishda yuzaga kelayotgan muammolarni dastlab xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot dispetcherlik xizmatiga ma’lum qilishdan ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri turli idoralarga ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Shu o‘rinda, aholi vakillarimiz xizmat ko‘rsatuvchining dispetcherlik xizmati raqamlarini bilgani holda, unga turli sabablar bilan bog‘lana olmagan bo‘lishlari mumkinligini ham istisno eta olmaymiz, albatta.

Nima bo‘lganida ham muammolar bor va o‘z-o‘zidan ularning yechimlari ham yo‘q emas. Agar ushbu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘z faoliyatida «Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qoidalari» (VM 06.02.2019 y №95-sonli qaror 1-ilovasi)ga to‘liq amal qilsa, o‘z majburiyatlarini to‘liq va o‘z vaqtida ado etsa, o‘ylaymizki, bu boradagi bir qator muammolar o‘z-o‘zidan yechim topgan bo‘lardi. Qoidalarda tashkilot zimmasida hudud biriktirilganidan keyin jismoniy shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish uchun ommaviy shartnoma havolasini qisqa xabar (SMS) orqali yuborishi, tashkilotning rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilishi, ommaviy shartnoma nusxasini xizmat ko‘rsatiladigan hududdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga yuborishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan belgilangan tartibda kelishilgan jadvalga muvofiq, qattiq maishiy chiqindilarning muntazam olib chiqib ketilishini amalga oshirishi, jadvalga rioya qilinmagan holatlarda iste’molchilardan tashkilotning dispetcherlik xizmatiga tushgan buyurtmanomalarini operativ tartibda (buyurtmanoma kelib tushgan kundan boshlab bir ish kunidan kechikmay) bajarish va bu haqida iste’molchilarni qisqa xabar (SMS) va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifa/kanallari orqali xabardor qilishi lozimligi kabi va boshqa bir qator majburiyatlar mavjud. Sanab o‘tilgan majburiyatlar esa to‘liq bajarilmas ekan, tushunmovchiliklar va muammolar kelib chiqaveradi.

Beshariq tumani «Novkat» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.S. ham Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga hududlariga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z majburiyatlaridan biri – chiqindilarni olib chiqib ketish jadvaliga amal qilinmayotganligi xususidagi murojaat bilan chiqqan. Murojaat o‘rganilganda unda keltirilgan vajlar tasdig‘ini topib, sentabr oyida bir marta jadvaldan chetga chiqish holatiga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘lib, o‘rganish yakuni bilan sentabr oyida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmidan bir martasi chegirib tashlanishi va iste’molchi yashaydigan ko‘cha aholisi bilan qayta hisob-kitob amalga oshirilishi chora-tadbirlari ko‘rildi.

Hamidjon Axmedov,
jamiyat raisi.

Post Comment