«Men moliyaviy savodxonman» ko‘rik-tanlovi e’loni va nizomi
Diqqat!!! Ko‘rik-tanlov!!!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” nomli grant loyihasi doirasida yoshlar o‘rtasida «Men moliyaviy savodxonman» nomi ostida qisqa videoroliklar (1 minutgacha shorts, riilz) yaratish bo‘yicha ko‘rik-tanlov e’lon qiladi.
Tanlovga viloyat hududidagi o‘rta, o‘rta-maxsus, oliy ta’lim dargohlarida ta’lim olayotgan, shuningdek xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat faoliyati olib borayotgan (shu jumladan vaqtincha ishsiz) yoshlar yakka tartibda yoki jamoaviy tartibda ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovga videomaterial fayl shaklida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarga (yoki ulardan biriga) joylanganligini tasdiqlovchi havolasi (ssilkasi)ni ilova qilgan holda yuboriladi.
Tanlovga kelib tushgan materiallar tanlov hay’ati tomonidan baholanadi va g‘oliblar aniqlanadi.
Materiallarni 2024 yilning 1 oktyabridan 30 noyabriga qadar telegram messenjeridagi +998773702445 nomeriga ochilgan «Moliyaviy savodxonlik ko‘rik-tanlovi» profili yoki @moliyaviysavodxonlikkuriktanlovi orqali qabul qilib olinadi.
Tanlov g‘oliblari: 1-o‘rin 7 million so‘m, 2-o‘rin 5 million so‘m, 3-o‘rin 3 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bularga qo‘shimcha 1 ta rag‘batlantiruvchi mukofot ham bor.
Tanlov Nizomi bilan istemolchi-info.uz sayti bosh sahifasida («Tadbirlar» ruknida) tanishishingiz mumkin.
Tanlov hamkori: Markaziy bank Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi
*Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi granti asosida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasining “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” nomli grant loyihasi doirasida yoshlar o‘rtasida
«MEN MOLIYAVIY SAVODXONMAN»
shiori ostida o‘tkaziladigan qisqa videoroliklar (1 minutgacha bo‘lgan shorts, riilzlar) bir bosqichli ko‘rik-tanlovi to‘g‘risidagi
NIZOM
- Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Nizom viloyat hududidagi o‘rta, o‘rta-maxsus, oliy ta’lim dargohlarida ta’lim olayotgan, shuningdek xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat faoliyati olib borayotgan (shu jumladan vaqtincha ishsiz) yoshlar o‘rtasida “Men moliyaviy savodxonman” shiori ostida o‘tkaziladigan qisqa videoroliklar (1 minutgacha bo‘lgan shorts, riilzlar) bir bosqichli ko‘rik-tanlovni o‘tkazish tartibi va shartlarini belgilaydi.
1.2. Yoshlar deganda, O‘zbekiston Respublikasining «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonuni 3-moddasiga ko‘ra, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar tushuniladi.
1.3. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi mazkur ko‘rik-tanlovning tashkilotchisi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi tanlovni o‘tkazish bo‘yicha bosh hamkor hisoblanadi.
Viloyatdagi boshqa boshqarma va idoralar, korxona, tashkilotlar mazkur ko‘rik tanlovga o‘zlarining uslubiy va homiylik yordamlarini ko‘rsatishlari mumkin.
- Ko‘rik-tanlovning maqsadi
2.1. Yoshlar (iste’molchilar) o‘rtasida iste’molchilik ijtimoiy harakatini keng yoyish va amaldagi qonunchilik targ‘ibotini olib borish, ularning moliyaviy xizmatlar sohasidagi huquqiy bilim saviyasi va iste’mol madaniyatini oshirish, yoshlarni moliyaviy xizmatlar sohasiga taalluqli kiberjinoyatlarga qarshi kurashish ishida faol ishtirok etishga rag‘batlantirish, ularning moliyaviy xizmatlar sohasidagi amaldagi qonunchilik talablari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratida keng ishtirokini ta’minlash ushbu ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadidir.
- Ko‘rik-tanlovni o‘tkazish tartibi
3.1. Ko‘rik-tanlov viloyat hududidagi o‘rta, o‘rta-maxsus, oliy ta’lim dargohlarida ta’lim olayotgan, shuningdek xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat faoliyati olib borayotgan (shu jumladan vaqtincha ishsiz) yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladi.
3.2. Ko‘rik-tanlovga, u e’lon qilinganidan to tanlovga materiallar qabul qilinishi to‘xtatiladigan kunga qadar, kamida 10 nafar ishtirokchi (ishtirokchilar jamoasi)dan kamida 10 ta material (videorolik) kelib tushishi tanlov o‘tkazilgan deb e’tirof etilishiga asos bo‘la oladi.
3.3. Ko‘rik-tanlov bir bosqichda o‘tkaziladi va bunda quyidagi ketma-ketlikda ishlar tashkillanadi:
3.3.1) tanlov o‘tkazilishi haqida e’lon beriladi.
3.3.2) tanlovga ishtirokchilardan materiallar 2024 yilning 1 oktyabridan 30 noyabriga qadar telegram messenjeridagi alohida ochilgan profil bo‘yicha qabul qilib boriladi.
3.3.3) 2024 yilning dekabr oyi birinchi o‘n kunligida tanlov Hakamlar hay’ati tomonidan kelib tushgan materiallarni baholash va g‘oliblarni aniqlash ishlari o‘tkaziladi.
3.3.4) tashkilotchi tomonidan belgilangan joyda va muddatda ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
- Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish tartibi
4.1. Tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar yakka tartibda yoki jamoaviy tartibda ishtirok etishlari mumkin.
4.2. Ishtirokchi videorolikda suratga tushgan shaxslar sonidan qat’i nazar materialni yakka tartibda ishtirokchi nomidan ro‘yxatni olishni so‘rab yuborgan taqdirda, tanlovga yakka tartibda ishtirok etuvchi sifatida ro‘yxatga olinadi. Bunda ishtirokchi familiya, ismi, otasining ismi, uning yoshi, ta’lim olayotgan o‘quv yurti yoki ish joyi (vaqtincha ishsizlar uchun yashash manzili) bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Tanlovda jamoaviy tartibda ishtirok etilganda ishtirokchi jamoa nomi (o‘quv yurti, ish joyi, yashaydigan mahallasi nomi va h.k.), ishtirokchi jamoa rahbari (sardori) familiya, ismi, otasining ismi, uning yoshi, tashkilot (ta’lim maskani, ish joyi) bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
4.3. Tanlovga bir shaxsdan (bir jamoadan) jami bo‘lib 3 tagacha material qabul qilinadi.
4.4. Material (videorolik) tanlovga yuborilishidan oldin ishtirokchining (jamoaning) ijtimoiy tarmoqlar (Facebook, Instagram, Youtube, Telegram)dagi obunachilariga ega bo‘lgan shaxsiy profil (sahifa, kanal)lardan kamida bittasiga yoki obunachilarga ega boshqa shaxsning yoki tashkilotning profil (sahifa, kanal)dan kamida bittasiga joylashtirilishi va shundan so‘ng tanlov tashkilotchisining telegramdagi profiliga videoning alohida fayliga qo‘shib o‘sha material (post)ga havola (ssilka)lari ham yuborilishi kerak.
4.5. Material (havolalar bilan) tanlov tashkilotchisining telegramdagi profiliga yuborilgach, tashkilotchi tomonidan “Material tanlovga qabul qilindi” xabari yozilishi ishtirokchi materialini tanlovga qabul qilinganligini bildiradi. Agar ushbu xabar o‘rniga savol (yoki savollar) yozilsa, ishtirokchi “Material tanlovga qabul qilindi” xabarini olguniga qadar ularga javob berishi talab qilinadi.
- Ko‘rik-tanlovga ishtirokchi tomonidan yuboriladigan materialga qo‘yiladigan talablar
5.1. Tanlovga yuboriladigan videorolik davomiyligi 1 minutdan ortiq bo‘lmasligi, davlat tilida va imkon qadar sifatli suratga olingan (montaj qilingan) bo‘lishi, insonlarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeini kamsituvchi ruhda bo‘lmasligi, undagi kadrlarda matn ishlatilsa imlo xatolarsiz bo‘lishi, video davomida ishlatiladigan moliyaviy xizmatlar sohasiga oid terminlar o‘z o‘rnida va to‘g‘ri qo‘llanilishi talab qilinadi.
5.2. Videoroliklar moliyaviy xizmatlarning kreditlar, omonatlar, valyuta ayirboshlash, pul o‘tkazmalari, plastik kartochkalardan foydalanish, sug‘urta, lizing, brokerlik, lombardlar faoliyatiga oid mavzulardan birida, aholining shu yo‘nalishdagi huquqiy bilimini oshirish, bu borada savodxon bo‘lishga chorlash, ushbu yo‘nalishlardagi turli firibgarliklardan, kiberjinoyatlardan ogohlantirishni ko‘zda tutuvchi mazmunda bo‘lishi mumkin.
5.3. Material/materiallar (videorolik/videoroliklar) tanlovga yuborilishidan kamida besh soat oldin ishtirokchining (jamoaning) ijtimoiy tarmoqlar (Facebook, Instagram, Youtube, Telegram)dagi obunachilariga ega bo‘lgan shaxsiy profil (sahifa, kanal)lardan kamida bittasiga yoki obunachilarga ega boshqa shaxsning yoki tashkilotning profil (sahifa, kanal)dan kamida bittasiga joylashtirilgan bo‘lishi lozim.
- Ko‘rik-tanlov tashkilotchilari va ularning majburiyatlari
6.1. Ko‘rik-tanlov tashkilotchilari tanlovga tegishli masalalarini tashkil etish, o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash ishlarini tashkillaydi.
Tashkilotchilar tomonidan ushbu jarayonga mahalliy hokimliklar, tashkilot va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarining ixtiyoriy beg‘araz homiylik yordamlarini ham jalb qilinishi mumkin.
6.2. Ko‘rik-tanlov Hakamlar hay’ati tarkibini tasdiqlaydi, ularning tanlovda ishtiroki bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qiladi.
6.3. Tanlovda g‘oliblik (1-3 o‘rinlar)ni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlash, shuningdek yuqoridagilarga qo‘shimcha bir nafar ishtirokchini rag‘batlantiruvchi nominatsiya yo‘nalishida rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ko‘radi. Gʻoliblarga mukofotlarga qo‘shimcha ravishda hududiy birlashma “Faxriy yorliq”lari berilishi mumkin.
6.4. Ko‘rik-tanlov bosh hamkori – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi o‘z tomonidan tanlov g‘oliblarini qo‘shimcha tarzda rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarini kiritishi mumkin.
- Ko‘rik-tanlov ishtirokchisi va uning majburiyatlari
7.1. Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish istagida telegram messenjeri orqali tanlov tashkilotchisi tomonidan tashkillangan profilga o‘z materialini yuborilishi uning tomonidan mazkur Nizom talablarini to‘liq tan olinishini bildiradi.
7.2. Ko‘rik-tanlov ishtirokchisi:
– tanlovning mazkur Nizomi talablariga;
– jamiyatda shakllangan axloq-odob qoidalariga;
– tanlov tashkilotchilarining tanlovni tartibli o‘tkazish bilan bog‘liq talablariga amal qilishi;
– Hakamlar hay’atining ishtirokchini va boshqa ishtirokchilarni baholash yuzasidan chiqargan qarorlariga nisbatan hurmat bilan yondoshishi shart.
- Yakuniy qoidalar
8.1. Ko‘rik-tanlov Hakamlar hay’ati a’zolari tanlov shartlari bo‘yicha ishtirokchilarni baholashda ijtimoiy adolat, tenglik, komandalar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat prinsiplariga amal qilishga majburdirlar. Ular tanlovga oid qarorlar chiqarishda mustaqildirlar va bu borada tashkilotchilar, ishtirokchilar va boshqa mansabdor shaxslarning hohish-istaklariga bog‘liq bo‘lmaydilar.
8.2. Ko‘rik-tanlov Hakamlar hay’ati kamida 7 (yetti) kishidan iborat tarkibda (bunda ularning ikki nafari tanlov tashkilotchisi vakili bo‘ladi) tomonidan shakllantiriladi hamda hay’atning g‘oliblarni baholash yuzasidan chiqarilgan qarorlari qat’iydir va bu borada shikoyatga yo‘l qo‘yilmaydi.
8.3. «Men moliyaviy savodxonman» ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash 2024 yilning dekabr oyi birinchi o‘n kunligida tanlov tashkilotchisi tomonidan tanlanib, tanlov g‘oliblari va boshqa mas’ullarga oldindan ma’lum qilingan joyda va vaqtda o‘tkaziladi.
Post Comment