Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali ikki muammoga yechim: iste’molchilar manfaati ustuvor
Iste’molchilarning kommunal xizmatlardan to‘liq va sifatli foydalanish huquqini ta’minlash davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, aholidan kelib tushayotgan har bir murojaatni tezkor o‘rganish va qonuniy hal etish iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali qabul qilingan ikki murojaat qisqa muddat ichida ijobiy hal qilinib, fuqarolarning qonuniy manfaatlari ta’minlandi.
Jumladan, Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro D. M. uch oydan buyon xonadoniga suyultirilgan gaz baloni yetkazib berilmayotganidan norozi bo‘lib, 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qildi.
Murojaat Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan nazoratga olinib, «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta’minoti filialining tuman bo‘limiga rasmiy so‘rov yuborildi.
O‘rganish jarayonida mutaxassislar murojaatchining xonadoniga chiqqan holda vaziyatni o‘rganishdi. Natijada fuqaro shartnoma asosida suyultirilgan gazdan foydalanishi tasdiqlanib, murojaat asosida xonadonga gaz baloni yetkazib berildi. Keyinchalik fuqaro muammosi hal etilgani uchun minnatdorlik xati ham yo‘lladi.
Yana bir murojaat Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro X. X. tomonidan kelib tushdi. U elektron gaz hisoblash uskunasi (EGHU)dagi batareya ishdan chiqqanligi sababli tabiiy gazdan to‘liq foydalana olmayotganini ma’lum qildi.
Jamiyat mutaxassislari murojaatni o‘rganib, gaz ta’minoti tashkiloti bilan hamkorlikda xonadonda texnik ko‘rik o‘tkazishdi. Tekshiruv natijasida hisoblagichning batareyasi yangisiga almashtirildi, qurilma qayta sozlanib, aloqaga chiqarildi. Shu tariqa iste’molchining muammosi qisqa muddatda bartaraf etildi.
Unutmang, kommunal xizmatlardan foydalanish jarayonida iste’molchilar quyidagi huquqlarga ega:
– sifatli va uzluksiz xizmat olish;
– xizmatdagi uzilishlar yoki nosozliklar bo‘yicha murojaat qilish;
– murojaatining belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishini talab qilish;
– huquqlari buzilganda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat etish.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganda uni kechiktirmasdan rasmiy tartibda ma’lum qilish muhim ahamiyatga ega. Bu muammoni sudgacha bo‘lgan bosqichda tezkor hal qilish imkonini beradi.
Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan amalga oshirilgan mazkur ishlar iste’molchilar murojaatlari e’tibordan chetda qolmasligi, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi orqali aholining qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Hurmatli iste’molchilar, agar Siz ham iste’mol sohasiga oid muammolarga duch kelsangiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga og‘zaki yoki https://murojaat.istemol.uz orqali elektron shaklda murojaat yo‘llash imkoniyati mavjudligini eslatib o‘tamiz.



Post Comment