Nosoz suv isitgich yangisiga almashtirib berildi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimida kafolat muddati davomida yuzaga keladigan nizolarni qonunchilik asosida hal etish muhim yo‘nalishlardan biridir. Chunki xarid qilingan mahsulot kafolat muddati ichida nosoz holatga kelsa, iste’molchi uning bepul ta’mirlanishini, almashtirilishini yoki boshqa qonuniy yechimni talab qilish huquqiga ega.
Ana shunday murojaatlardan biri Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro U. J. tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefoni orqali yo‘llandi. Murojaatchi 2023-yil 22-oktabr kuni Qo‘qon shahridagi “O‘rda-Plast” santexnika do‘konidan 3 yillik kafolat bilan suv isitgich xarid qilganini, biroq kafolat muddati tugamasdan mahsulot nosoz holatga kelganini ma’lum qilib, amaliy yordam so‘radi.
Murojaat Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan zudlik bilan nazoratga olinib, holat atroflicha o‘rganildi. Dastlab xarid hujjatlari va kafolat taloni tekshirildi. O‘rganishlar davomida suv isitgich haqiqatan ham 3 yillik kafolat bilan sotilgani tasdiqlandi.
Shundan so‘ng mahsulotning servis xizmatini amalga oshiruvchi “Techno Service Special” MChJga rasmiy so‘rov yuborilib, iste’molchi murojaatida ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan tushuntirish berish hamda qonunchilik asosida zarur choralarni ko‘rish so‘raldi. Murojaatni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va rasmiy javob taqdim etish zarurligi tashkilotga eslatildi.
Servis tashkiloti tomonidan murojaat yuzasidan iste’molchi bilan bevosita bog‘lanilib, muammo o‘rganildi. Mutaxassislar fuqaroning yashash manziliga borib, mahsulotdagi nosozlikni ko‘zdan kechirishdi hamda muammoni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha kafolat berishdi.
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan olib borilgan huquqiy tushuntirishlar va amaliy choralar natijasida servis korxonasi iste’molchi foydasiga qaror qabul qildi. Natijada nosoz suv isitgich yangisiga almashtirib berildi va murojaatchining e’tirozlari to‘liq bartaraf etildi. Shu tariqa murojaat ijobiy hal etildi.
Mazkur holat har bir iste’molchi uchun muhim huquqiy saboqdir. Agar mahsulot:
– kafolat muddati davomida nosoz holatga kelsa;
– ishlab chiqarish nuqsoni aniqlansa;
– foydalanish qoidalariga rioya qilingan bo‘lsa-da, mahsulot ishlamay qolsa,
iste’molchi sotuvchi yoki vakolatli servis markazidan nuqsonni bepul bartaraf etishni, mahsulotni yangisiga almashtirishni yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqiy choralarni talab qilishga haqlidir.
Shu bois xarid vaqtida berilgan kassa cheki, kafolat taloni va boshqa hujjatlarni saqlab qo‘yish nihoyatda muhimdir. Aynan shu hujjatlar iste’molchi huquqlarini himoya qilishda asosiy dalil bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ushbu murojaatning qonunchilik asosida qisqa muddatda hal etilgani yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, iste’molchilar o‘z huquqlarini yaxshi bilsa va muammoga duch kelganda vakolatli tashkilotlarga o‘z vaqtida murojaat qilsa, ularning qonuniy manfaatlarini tiklash mumkin. Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni esa fuqarolar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va adolatli yechim topishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.



Post Comment