Federatsiya ishonch telefoniga murojaat ortidan iste’molchi foydasiga 2 million 250 ming so‘m qaytarildi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimida fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va qonunchilik asosida hal etish ustuvor vazifalardan biridir. Ayniqsa, masofadan turib amalga oshirilgan savdo va mobil qurilmalar xaridi bilan bog‘liq nizolarda iste’molchining qonuniy manfaatlarini tiklash alohida ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday murojaatlardan biri Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi fuqaro F. X. tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefoni orqali yo‘llandi. Murojaat belgilangan tartibda Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati tomonidan o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida fuqaro mobil telefon xaridi bilan bog‘liq muammoga duch kelgani aniqlandi. Mutaxassislar tomonidan savdo korxonasi mas’ullari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, amaldagi qonunchilik talablari batafsil tushuntirildi.
Dalolatnoma asosida olib borilgan muzokaralar natijasida Haus mobile savdo shoxobchasi rahbariyati iste’molchining qonuniy talablarini qanoatlantirdi hamda fuqaro Iphone XS rusumli telefon xaridi uchun to‘lagan 2 million 250 ming so‘m mablag‘ni uning bank plastik kartasiga to‘liq qaytarib berdi. O‘rganish yakunida iste’molchi bilan telefon orqali bog‘lanilib, mablag‘ to‘liq qaytarilgani va boshqa e’tirozi yo‘qligi tasdiqlandi.
Shundan so‘ng Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan murojaatchiga rasmiy javob xati yuborilib, murojaat ijobiy hal etilgani hamda zarur hollarda yuqori turuvchi organlar yoki sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi.
Mazkur holat iste’molchilar uchun muhim huquqiy xulosalarni beradi. Mobil telefon yoki boshqa texnika vositalarini xarid qilishda:
– to‘lov cheki, shartnoma va boshqa hujjatlarni saqlab qo‘yish;
– mahsulot sifati yoki savdo shartlari buzilgan taqdirda sotuvchiga yozma murojaat qilish;
– muammo hal etilmasa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari yoki 1091 ishonch telefoni orqali murojaat etish tavsiya etiladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchining huquqlari buzilgan hollarda yetkazilgan moddiy zarar qoplanishi, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytarilishi hamda nizolar sudgacha bo‘lgan tartibda hal etilishi mumkin.
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan olib borilgan o‘rganish va huquqiy tushuntirish ishlari natijasida iste’molchining murojaati qisqa muddatda ijobiy hal etildi. Natijada fuqaroning 2 million 250 ming so‘mlik mablag‘i to‘liq qaytarilib, uning qonuniy manfaatlari tiklandi.
Mazkur holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, iste’molchilar o‘z huquqlarini yaxshi bilsa va vakolatli tashkilotlarga o‘z vaqtida murojaat qilsa, adolatli yechimga erishish mumkin. 1091 ishonch telefoni esa fuqarolarning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va ularning huquqlarini amalda himoya qilishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.



Post Comment