Iste’molchi muammosi bartaraf etildi
Bag‘dod tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Samarqand qishlog‘ida yashovchi fuqaro M.Yuldashovaning murojaati o‘rganildi.
Murojaatda bildirilishcha, iste’molchi tuman markazida joylashgan “Texnomart” savdo markazidan umumiy qiymati 2459000 ( ikki million to‘rt yuzi ellik to‘qqiz ming) so‘m bo‘lgan “SAMSUNG” A10S rusumli mobil aloqa telefoni olgan. Biroq undan foydalanish jarayonida telefonda antena chiqmasdan, aloqa tizimida nuqsoni borligi aniqlanib, savdo markaziga almashtirish maqsadida kelgan. Lekin iste’molchining qonuniy murojaati o‘rganilmasdan, sotuvchi nuqsonli tovar almashtirilmasligi, balki servis markazida ta’mirlab berilishini tushuntirish berish bilan cheklangan.
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida nuqsonli tovar sotilganda, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga qarab nuqsonli tovarni almashtirish, tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish, shartnomani bekor qilib ko‘rilgan zararni qoplash (pulini qaytarib olish) va boshqa shu kabi talablarini qo‘ya oladi. Ushbu talablarni iste’molchi sotuvchiga qo‘yadi.
Biroq qonunning 16-moddasida ko‘rsatib o‘tilganki, agar sotuvchi iste’molchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo‘lsa, iste’molchi tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va ma’naviy zararni ushbu Qonunning 20 va 22-moddalariga muvofiq qoplashni talab qilishga haqli.
Murojaatni o‘rganish ishlari davomida sotuvchiga yuqoridagi holatlar tushuntirildi. Tovar uchun naqd pulda to‘langanligi, oldi-sotdi amalga oshirilgach iste’molchiga kassa cheki berilganligi, kafillikni bildiruvchi kafolat talonlarini lozim darajada to‘ldirib berilganligi kabi holatlar inobatga olindi. Natija esa ishni iste’molchi foydasiga hal etilishi bilan yakun topdi.
–Bag‘dod tuman xalq qabulxonasi meni murojaatimni o‘rganish ishlariga tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislarini jalb etishdi. Tuman jamiyati xodimlarining aralashuvi bilan menga 2459000 so‘m pullarim qaytarildi, shu sababli tuman jamiyati xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – deydi murojaat egasi o‘rganish natijalari bilan tuman jamiyati raisi nomiga bergan minnatdorchilik xatida.
Dilorom Mirzaeva
Bag‘dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment