Ishlab chiqaruvchi yorilib ketgan shiferlarni almashtirib berdi
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Toshkent viloyati Piskent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Z.O.ning xarid qilingan shifer mahsulotidan ayrimlari sifatsiz chiqqanligi yuzasidan Bosh prokuratura ishonch telefoniga qilgan murojaati hududiy tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.
Fuqaro murojaatida 9 oy oldin 200 dona shifer xarid qilganligini, keyinchalik shiferlar tomga o‘rnatilgach, oradan ma’lum vaqt o‘tib ulardan ayrimlari yorilib ketganligini ma’lum qiladi hamda ushbu holat o‘rganib chiqilishini va sifatsiz chiqqan shiferlarni almashtirib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida Quvasoy shahar jamiyati tomonidan «Quvasoyshifer xrizotil» MChJga so‘rov xati kiritildi. O‘rganish ishlari davomida korxonadan olingan javob xatida holat joyiga chiqish yo‘li bilan o‘rganilganligi, fuqaroning murojaatida ko‘rsatilgan vajlar asosli bo‘lsada, uning tomonidan shifer mahsulotlarini tomga o‘rnatishda ishlar bu boradagi normalar talablari asosida bajarilmagani, xususan korroziyaga qarshi po‘latdan yasalgan maxsus shifer mixidan yoki samorez yordamida foydalanilmagani (GOST 30340, 10.3-bandi), shifer listlarini mixlash uchun maxsus uskuna (drel’) bilan teshilmagani, bu bilan esa teshiklar mix o‘lchamidan 2-3 mm ga ortiq bo‘lishi talablari bajarilmagani kabi holatlarga ham e’tibor qaratib o‘tilgan. Shuning bilan birgalikda iste’molchining o‘rganishga mahsulotlarni mazkur korxonadan sotib olganligini tasdiqlovchi hujjat (kassa yoki tovar cheki)ni ham taqdim qilmaganligi ta’kidlangan. Lekin shunday bo‘lsada, korxona ushbu holatlarga qaramasdan xarid qilingan shiferlardan yorilib ketgan 60 donasini almashtirib berishga qaror qilganligi ham ma’lum qilingan.
Murojaatni o‘rganish davomida iste’molchi murojaati ijobiy hal etilib, unga nuqsonli chiqqan shiferlar almashtirib berilishiga erishilgan, iste’molchining 2 mln 400 ming so‘m moddiy zarar ko‘rishini oldi olingan bo‘lsada, iste’molchilarmizga xarid qilingan tovar (ish, xizmat)lardan foydalanish jarayonida ularga ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan ilova qilingan texnik yo‘riqnomalar talablarini ham e’tibordan chetda qoldirmasliklarini so‘rab qolgan bo‘lar edik. Ushbu yo‘riqnomalar talablariga amal qilish esa iste’molchi tomonidan tovardan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin turli nuqsonlarga o‘zlari sababchi bo‘lib qolishi, bunday holda esa ular qonunlarda belgilangan huquqlaridan to‘laqonli foydalana olmay qolishlariga ham sabab bo‘lib qolishi mumkinligini eslatib o‘tmoqchimiz.
Farxod Xaydarov
Quvasoy shahar jamiyati raisi
Post Comment