Noto‘g‘ri ma’lumot ortidan iste’molchiga moddiy zarar yetkazilishini oldi olindi

Noto‘g‘ri ma’lumot ortidan iste’molchiga moddiy zarar yetkazilishini oldi olindi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Buvayda tumanida yashovchi M.U.ning, xarid amalga oshirilgan joyning hududiy tegishliligi bo‘yicha, savdo do‘konidan sotib olingan telefon apparati bilan bog‘liq muammo yuzasidan qilgan yozma murojaati o‘rganildi.

Murojaatda bayon qilinishicha, iste’molchi joriy yilning mart oyida Farg‘ona shahrida faoliyat olib boruvchi yakka tartibdagi tadbirkor A.A.B.ga qarashli savdo do‘konidan Samsung Galaxy A73 256 gB rusumli mobil qurilmani 4 mln 600 ming so‘mga xarid qiladi. Oldi-sotdi jarayonida sotuvchi mazkur qurilma yangiligi, iste’molda bo‘lmaganligi, hech qanday nuqsonlari yo‘qligini aytib xaridorni ishontiradi. Lekin mobil qurilma uyga olib kelinib, foydalanish jarayonida, WiFi tarmog‘i vositasida internetga ulanganida telefon shahardagi «Zamin» kredit savdo do‘koni tomonidan boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirilganligi ma’lum bo‘ladi. Sotuvchiga uchrashib bu haqda aytganida, bemalol ishlatib yuraverishi mumkinligi, telefon boshqa shaxs nomiga kreditga rasmiylashtirilmaganligi va bu bilan bog‘liq hech qanday muammolar bo‘lmasligi yuzasidan qop-qop va’dalar bilan ortga qaytarilgan. Lekin oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan mobil qurilma «Zamin» kredit savdo do‘koni tomonidan blok holatiga tushiriladi va ishlamay qoladi.

Iste’molchi, hatto, o‘z kuchi bilan so‘rab surishtirib, mobil qurilma Quvasoy shahrilik fuqaro M.A.X. nomiga kreditga rasmiylashtirilganligini, uning tomonidan to‘lovlar vaqtida to‘lab turilmasa, telefon blokka tushib qolaverishini ham aniqlaydi. Fuqaro bilan bog‘lanib, unga mazkur kredit do‘konidan xarid qilingan tovar (tovarlar) uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab turishini, bo‘lmasa uning telefoni blokka tushib qolaverishini ham tushuntiradi. Uning sa’y-harakatlariga «mukofot tariqasida» shu safar blokdan yechib berilgan telefon esa may oyiga o‘tib yana blok holatiga tushadi…

Murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchiga yuqoridagi holat amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida ko‘rsatib o‘tilganidek, iste’molchiga noto‘g‘ri ma’lumot berilishi bilan zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lganligi, bu holatda esa iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli ekanligi tushuntirildi. O‘rganish davomida sotuvchi hamda iste’molchi o‘rtasidagi muzokaralar natijasi bilan ushbu holatda shartnomani bekor qilish emas, balki «nuqsonli» telefonni yangi va maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Usmonjon Ruziyev
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassisi

Post Comment