Televizorda aniqlangan nuqson bepul bartaraf etilishi ta’minlandi
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shu shaharda yashab, maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida mehnat faoliyati olib boruvchi A.D.ning xarid qilingan televizorda kafolat muddatida nuqson yuzaga kelganligi bilan bog‘liq murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida ma’lum qilishicha, shahardagi tovarlarni iste’mol krediti shartlarida realizasiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi do‘kondan o‘zi mehnat qilayotgan ta’lim muassasasida foydalanish uchun shartnoma qiymati 3 000 000 so‘m bo‘lgan Samsung Smart 32 rusumli televizorni narxini bir yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilishadi. Televizordan foydalanishlarining 10-oyiga kelib unda nuqson kuzatilib, ishlamay qoladi. Bu borada do‘kon mas’ullariga qilgan murojaatlari bo‘yicha esa ijobiy natijaga erisha olmaydilar.
Amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, tovarning pulini bir yo‘la to‘lab xarid qilingan holatda ham, uning pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lash, iste’mol krediti shartlarida xarid qilinganda ham tovarda kafolat muddati ichida nuqson kuzatilsa, iste’molchi o‘zining bu boradagi qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqara oladi. Xususan. uning bunday huquqlaridan biri tovarda aniqlangan nuqsonni bepul bartaraf etilishini talab qilish huquqidir. Shahar jamiyati mutaxassislari murojaat yuzasidan sotuvchiga qonunning mazkur talablarini tushuntirganlaridan so‘ng televizorda aniqlangan nuqson sotuvchi hisobidan bepul bartaraf etilishiga va iste’molchiga soz holatda topshirilishiga erishildi.
Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment