Iste’molchilar foydasiga salkam 1,5 milliard so‘m mablag‘lar qayta hisob-kitob qilib berildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi kengashining 2023 yil 9 oylik faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Federatsiya kengashining 2023 yil 17 oktabr kunidagi majlisi qarorlari bilan belgilab berilgan vazifalar, hududiy birlashma tizimiga kiruvchi tashkilotlarning hisobot davrida amalga oshirilgan ishlari, joriy 2023 yil uchun belgilangan rejalarning to‘liq ijrosini ta’minlash borasida olib borilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan mas’ullarning axborotlari tinglandi.
Ta’kidlandiki, hisobot davrida amaldagi qonunchilikni keng targ‘ib qilish maqsadida Federatsiyaning viloyatdagi korxona, tashkilot, idora va muassasalarda tashkillangan tayanch guruhlarida, shuningdek boshqa tashkilotlarda 400 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Olib borilayotgan ishlar yuzasidan televidenie va radio orqali 88 ta, markaziy va mahalliy ro‘znomalar orqali 300 ta, Federatsiya, hududiy birlashma sayti, shuningdek boshqa hamkor saytlar orqali 276 ta chiqishlar tashkillandi. OAVlar va jamoatchiilk vakillari ishtirokida 6 ta brifing va ochiq muloqotlar, davlat tashkilotlari mas’ullari ishtirokida 7 ta jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi.
Iste’molchilardan kelib tushgan 685 ta murojaatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, 1 mlrd 468 mln 649 ming 289 so‘m mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Shuning 2 mln 430 ming 288 so‘mi nazorat qiluvchi idoralar yordamida, 4 mln 911 ming 016 so‘mi esa sud idoralari yordamida hal qilindi. Murojaatlarning 361 tasi yozma, 309 tasi og‘zaki va 15 tasi elektron shaklda qabul qilib olingan. Shundan 14 ta murojaat Hukumat idoralaridan, 160 tasi Federatsiya ishonch telefoni va telegram boti orqali kelib tushgan bo‘lsa, 511 ta murojaat hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma va og‘zaki ravishda kelib tushgan.
Tizimda tashkillangan “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari orqali 373 nafar fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berilgan bo‘lsa, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar davomida tizim tashkilotlari rahbar xodimlari tomonidan 500 nafar fuqarolarga bepul huquqiy va amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Post Comment