Korxona kasaba uyushma qo‘mitasi media tadbir o‘tkazdi
Barchamizga ma’lumki, 2020 yilning 23 noyabr kunida «O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘RQ-648-son qonun qabul qilingan va mazkur qonun bilan 11 noyabr sanasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni etib belgilangan edi. Bugun Farg‘ona issiqlik elektr stansiyasida korxonaning kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkillangan media tadbir ham ana shu sanaga bag‘ishlanib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad korxonada mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni sarhisob qilishdan iborat bo‘ldi.
Korxona kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Otabek Millaboevning tadbirda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillariga bergan axborotiga ko‘ra, 1956 yilda qurib ishga tushirilgan va Farg‘ona vodiysidagi 2 ta issiqlik elektr stansiyalaridan biri bo‘lgan ushbu korxonada bugungi kunda 700 dan ortiq ishchi-xizmatchilar mehnat faoliyati olib bormoqda. Ularning barchasi kasaba uyushmalari federatsiyasining a’zosi hisoblanadilar.
Joriy yilning 9 oyi davomida 5 nafar xodimlarni pensiyaga kuzatish, 25 nafar xodimlarni esa yubileylari munosabati bilan turli ko‘rinishlarda rag‘batlantirilgan. Moddiy sharoiti og‘ir ishchilarga 131 million so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ishchi xodimlarning maxsus kiyim bosh va himoya vositalari uchun 155 million so‘m, zararli mehnat sharoitlarida ishlayotgan ishchilarni sut mahsulotlari bilan ta’minlashga 20 million so‘mdan ortiq mablag‘lar sarflangan. 74 nafar ishchi-xodimlar, shuningdek 7 nafar pensionerlar sog‘liklarini tiklab olishlari sog‘lomlashtirish maskanlariga yuborilgan.
Korxona ishchi xodimlarining farzandlarini turli bayramlar munosabati bilan tashkillanadigan ommaviy ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etishlariga imkoniyatlar yaratib berilmoqda, muzey, teatr tomoshalariga chiptalar olib berilmoqda. Joriy yoz mavsumida ulardan 79 nafarini yozgi oromgohlarda hordiq chiqardilar. Xodimlarning dam olishlarini to‘g‘ri tashkillash maqsadida ularni respublikaning turli hududlariga sayohatlari uyushtirilmoqda. Korxona qoshidagi sport majmuasida xodimlar o‘rtasida turli sport musobaqalari tashkillanib, korxona birinchiliklari o‘tkazib borilmoqda.
– Har bir bayram sanalarini ishchi-xodimlar o‘rtasida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilishi barobarida, korxonada ishlab pensiyaga chiqqan yakka yolg‘iz, nogironligi bor pensionerlar, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning holidan ham muntazam xabar olib turibmiz. Barcha sa’y-harakatlarimiz zamirida esa ishchi-xodimlarimizga munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish va buning ortidan mehnat unumdorligini oshirish, korxona va kasaba uyushmalari o‘rtasida imzolangan jamoa shartnomasidagi ish beruvchi va kasaba uyushmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli ijrosini ta’minlash yotipti, – deydi O.Millaboev.
Korxonada o‘tkazilgan media tadbir davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarish barobarida, ishchilarning mehnat qilish, ovqatlanish va dam olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida korxonaning ayrim sexlariga press tur ham tashkillandi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Fotolar Muqimjon Qodirov, O‘zA
Post Comment