Hisoblagichi avtomatlashtirilgan tizimda ishlaydigan iste’molchida katta miqdorda qarzdorlik yuzaga kelishi mumkinmi?
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Olimqul dodhoh ko‘chasida yashovchi S.F.ning gaz ta’minoti to‘lovlarida yuzaga kelayotgan asoslanmagan qarzdorlikdan norozi bo‘lib Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan og‘zaki murojaati o‘rganildi.
Murojaat egasining so‘zlariga ko‘ra, u iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni xonadoniga o‘rnatilgan gaz hisoblagich uskuna ko‘rsatkichlari asosida amalga oshirib kelayotgan bo‘lsada, unga to‘lovlardan 1 mln 400 ming so‘m qarzdorlik yuzaga kelganligi ma’lum qilingan. Bundan taajjublangan iste’molchi Federatsiya ishonch telefoniga bog‘lanib, masalaga oydinlik kiritilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Murojatni o‘rganish davomida iste’molchining xonadoniga yangi, zamonaviy rusumdagi gaz hisoblagich uskuna o‘rnatilganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu rusumdagi hisoblagich esa on-layn ravishda ko‘rsatkichlarni yuborib turadi va iste’molchida katta miqdorda qarzdorlik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymasdan, uni avtomatik ravishda tarmoqdan uzib qo‘yadi. Mazkur masalada Qo‘qon shahar gaz idorasiga kiritilgan so‘rovga esa, negadir Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarori asosida iste’molchi tomonidan iste’mol qilgan gaz ko‘rsatkichini har oyning 10-sanasida taqdim qilib borishi belgilanganligi, lekin iste’molchi o‘z vaqtida tadim qilib bormaganligi sababidan asoslanmagan qarzdorlik yuzaga kelgan, degan mazmundagi javob xati olindi.
Shu o‘rinda o‘quvchida, xonadonga o‘rnatilgan smart gaz hisoblagich uskuna har oyning 10-sanasida emas, balki kerak bo‘lsa har soniyada iste’mol ko‘rsatkichlarni yuborib turibdiku, yangi tizim iste’molchini qo‘shimcha ovoragarchiliklardan qutqarish uchun amaliyotga joriy qilinmadimi, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Hukumatimizning 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari»ning 89-bandiga ko‘ra, «Tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (TGHNAT) ulangan va belgilangan me’yorlar asosida hisob-kitob qilinadigan iste’molchilarga hisob-kitob oyida yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi billing tizimi orqali avtomatlashtirilgan rejimda aniqlanadi», ya’ni iste’molchidan gaz idorasiga qo‘shimcha ravishda ma’lumot taqdim qilib borish talab etilmaydi. Yuqoridagi kabi talablar esa TGHNATga ulanmagan iste’molchilarga nisbatan bildirilishi mumkin.
Murojaatni o‘rganish yakunlariga qaytsak, o‘rganishda haqiqatan ham iste’molchida asoslanmagan qarzdorlik yuzaga kelganligi qayd qilindi va bu haqda iste’molchiga ma’lum qilindi, hozirda gaz idorasi tomonidan iste’molchida yuzaga kelgan asoslanmagan qarzdorlikni bartaraf qilish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Muhammadjon O‘lmasov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment