«Maqbul sifatdagi almashtirilmaydigan» va «nuqson chiqqanda almashtiriladigan» tovar tushunchalarini adashtirmaylik
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning A.Azizov ko‘chasida yashovchi S.A.ning xarid qilingan qurilish-pardozlash materialining nuqsonli chiqqanligi-yu sotuvchi uni almashtirib bermayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida bayon qilishicha, u Farg‘ona shahridagi qurilish materiallari bozoridan 2 800 000 so‘mga gulqog‘oz (oboi) xarid qiladi. Ularni xonadoniga keltirganida pardozlash ishlarini olib borayotgan usta ichidagi bir nechta rulondagi gulqog‘ozning gulida biroz farq borligini aytadi. Iste’molchi shu kunni o‘zida qaytib kelib sotuvchidan ularni almashtirib olishga urinadi, lekin rad javobi oladi.
Shu o‘rinda ko‘pincha aholi va soutvchilar o‘rtasida turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘lib qolayotgan bir holatga o‘quvchilar e’tiborini qaratib o‘tishimiz lozim. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, iste’molchi maqbul sifatdagi (hech qanday nuqsoni bo‘lmagan) nooziq-ovqat tovarini, uning qandaydir iste’mol xususiyatlari (rangi, fasoni, o‘lchami va hokazo) yoqmaganligi vaji bilan, xarid qilingan kunidan e’tiboran 10 kun ichida almashtirib olish huquqiga ega. Faqatgina ushbu tovar «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida keltirib o‘tilgan «Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati»ga kiritilmagan bo‘lsa bo‘ldi. Tovar ushbu ro‘yxatda bo‘lsa, demak u almashtirilmaydi. Lekin bu degani, tovar ushbu ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa, unda nuqson aniqlansayam almashtirilmaydi, degani emas. Qonunning 13-moddasiga ko‘ra, nuqsonli tovar qaytarib olinadi va almashtiriladi.
Iste’molchi S.A. xarid qilgan tovar ham yuqoridagi ro‘yxatga kiritilgan, lekin ushbu holatda iste’molchi gulqog‘ozning rangi yoki boshqa iste’mol xususiyati yoqmaganligini emas, balki xarid qilingan gulqog‘oz rulonlari ichidan ma’lum qismida gullari farq qilishini vaj qilib ko‘rsatmoqda. Bu holatda esa iste’molchi gulqog‘oz rulonlarining nafaqat gullari farq qiladigan qismiga, balki butun to‘plamni almashtirilishi talabini ham qo‘yishi mumkin bo‘ladi. Shahar jamiyati mutaxassisi tomonidan ushbu holatlar sotuvchiga tushuntirilgach, u gulqog‘oz rulonlari ichidan nuqsonli deb hisoblangan 700 000 so‘mlik qismini tezlikda almashtirib berdi.
Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.
Post Comment