Konstitusiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Farg‘ona shahridagi viloyat musiqali drama teatrida “Konstitusiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda so‘z olganlar bayram tadbiri ishtirokchilari e’tiborini Konstitusiyamizdagi inson huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan normalariga qaratar ekanlar, yangi tahrirdagi Konstitusiyamizning yangi tahrirda qabul qilinishi bilan bu borada yanada mustahkam konstitusiyaviy-huquqiy asos yaratilganligini e’tirof etib o‘tdilar.
Viloyatning Farg‘ona, Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari hamda Qo‘shtepa, Oltiariq, Quva, Toshloq, Yozyovon va Farg‘ona tumanlaridan 300 nafar xotin-qizlar hamda 100 nafar kasaba uyushmalari faollari ishtirokida o‘tgan mazkur tadbirda ishtirokchilarning Konstitusiyamiz bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Siz Konstitusiyani bilasizmi?” mavzusida viktorina savol-javoblari o‘tkazildi. Viktorinada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 20 nafar g‘oliblarga Farg‘ana viloyati hokimligi muassisligidagi “Yangi Farg‘ona” gazetasiga hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligidagi “Ishonch” gazetasiga 2024 yil uchun 1 yillik bepul obuna sertifikati hamda kitob jamlanmalari topshirildi.
Tadbir doirasida viloyat musiqali drama teatrining mahoratli aktyorlari tomonidan namoyish etilgan “Zo‘rdan-zo‘r” spektakli barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Post Comment