Kafolat muddati ichida nuqson aniqlangan kir yuvish mashinasi almashtirildi
Har birimiz iste’molchi ekanmiz, kundalik turmush jarayonida bizga nuqsonli tovar sotilishi yoki sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq holatlarga duch kelmaslik hech birimizga kafolatlanmagan. Bunday holatga duch kelinganda esa iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra tovarni shunday markali tovarga almashtirib olish yoki bo‘lmasa tovarni boshqa markali (modelli) tovarga almashtirib narxini qayta-hisob-kitob qilinishini talab qilishi mumkin. Bundan tashqari, u tovardagi nuqsonlar bepul bartaraf etilishini yoki uni o‘zi yoki uchinchi shaxs tomonidan bartaraf qilinishi bilan bog‘liq harajatlarni qoplanishini talab qilishi, narx nuqsonlarga mutanosib miqdorda kamaytirilishi yoki shartnomani bekor qilib ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilishga ham haqli.
Mazkur huquqlarni to‘laqonli amalga oshirish uchun nuqsonlar tovarning kafolat muddati yoxud yaroqlilik muddati mobaynida aniqlangan bo‘lishi lozim. Shunday vaziyatga duch kelgan Toshloq tuman «Yakkatut» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S. D. tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishiga to‘g‘ri keldi. Sababi u joriy yil 20 avgust kuni Marg‘ilon shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor A.A.ga qarashli savdo do‘konidan uch yillik kafolat muddatiga ega bo‘lgan “HOFFMANN” rusumli avtomat kir yuvish mashinasini 5 100 000 so‘mga xarid qilgan. Ammo uyga olib kelinib o‘rnatilgan kir yuvish mashinasi nosoz bo‘lib chiqqan. Shundan so‘ng iste’molchi savdo do‘koniga murojaat qilganida, servis markazi mutaxassislari tomonidan kir yuvish mashinasini ko‘zdan kechirilib, maishiy texnikaning motor qismida nosozlik mavjudligi aniqlangan hamda bepul ta’mirlash ishlarini olib borish uchun olib qolingan. Lekin ta’mirlash ishlari shu kunga qadar ham oxiriga yetkazilmasdan kelgan.
Tuman jamiyati mutaxassislari masalaga oydinlik kiritish maqsadida savdo do‘koni mas’ullari bilan uchrashib, yuzaga kelgan holatda iste’molchining huquqlari, sotuvchining majburiyatlari to‘g‘risida bergan tushuntirishlari va olib borilgan muzokaralar yakuni bilan iste’molchining nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirish to‘g‘risidagi talabi qondirilishiga erishildi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment