Javobgar tomon ogohlantirilgach muammo sudgacha hal bo‘ldi
Bugunlik kunda iste’molchi tomonidan xarid qilingan tovarlarda nosozlik kuzatilganda ayrim sotuvchi va servis markazi mas’ullari iste’molchini “otanga bor, onanga bor” qabilidagi harakatlari bilan ovorayu sarson bo‘lishiga sabab bo‘layotgani, natijada iste’molchi turli davlat idoralariga murojaat qilib qimmatli vaqti va tiklanmas asab tolalarini yo‘qotayotgani holatlari, afsuski, ko‘p uchramoqda.
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan yuborilgan murojaat ham shundaylardan biri.
Marg‘ilon shahar Mustaqillik ko‘chasida yashovchi A. Z. joriy yilning avgust oyida Toshloq tumanida joylashgan “Garant” kredit savdo do‘konidan narxi 2 450 000 so‘m bo‘lgan “Samsung VC18M31B0HN 1800vt” markali changyutgichni qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan. Iste’molchiga oyiga 244 000 so‘mdan to‘lab borish bo‘yicha to‘lov jadvali chiqarib berilgan. Ammo afsuski 15 kun ichida ikki marotaba ishlatganidan so‘ng changyutgich ishlamay qolgan.
Nuqsonli changyutgichni ko‘tarib savdo do‘koniga kelgan iste’molchiga servisga olib borasiz deb uqtirishgan. Shundan so‘ng iste’molchi changyutgichni Farg‘ona shahridagi “Samsung” servis markaziga olib borganida mutaxassis akkumulyatorida deffekt bor ekan, deb changyutgichni sozlash uchun olib qolgan. Oradan bir yarim oy o‘tib daragi bo‘lmagan changyutgichni surishtirib servis maokaziga telefon qilgan iste’molchiga “hali tuzalgani yo‘q” degan javob berilgan. Sabri tugagan iste’molchi servis markaziga o‘zi borib surishtirganida changyutgichni topib berisholmaganligi sababli boshqasini berib jo‘natishgan.
Iste’molchi servisda almashtirib berilgan changyutgichni yana “Garant”kredit savdo do‘koniga olib kelganida “qalbakisini olib kelibsiz” deya changyutgichni yana iste’molchiga qaytarib berishgan. Shuncha ovoragarchilik yetmaganidek, yana servis markaziga borib «O‘zimni changyutgichimni topib beringlar», degan iste’molchiga “bir haftada xabar oling” deya changyutgichni olib qolishgan.
Aytilgan kunda servisga borgan iste’molchini qo‘liga o‘zinikiga o‘xshagan changyutgichki tutqazishgan. Yana kredit savdo do‘koniga iste’molchi servis tomonidan berilgan changyutgichni olib kelganida do‘kon mutaxassisi changyutgichni shlangi changligini aytadi. Sabri tugagan iste’molchi “senlar bilan shartnomani bekor qilaman. Changyutgich ham senlarga” deya achchiq qilib tovarni tashlab chiqib ketadi. Shuncha ovorayu sarsongarchiliklar yetmaganidek, iste’molchi plastik kartasidan dekabr oyida 347 000 so‘m pul mablag‘i ham yechib olinadi.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida masala yuzasidan o‘zaro kelishuv bo‘lmagach, tuman jamiyati iste’molchining manfaatlarini ko‘zlab savdo do‘koni hamda servis markazi ustidan sudga da’vo arizasi kiritilishi bo‘yicha javobgar tomonlarga ogohlantirish xati kiritgach, javobgar tomon iste’molchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilib, iste’molchidan olingan jami 592 000 so‘m pul mablag‘ini qaytarib berdi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment