Uyali aloqa vositasidagi nuqson bepul bartaraf etib berildi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan yuborilgan fuqaro murojaati o‘rganib chiqildi. Murojaatda xarid qilingan uyali aloqa vositasi nuqsonli chiqqanligi va sotuvchi tomonidan ushbu muammoni bartaraf qilish choralari ko‘rilmayotganligi ma’lum qilingan.
Murojaat egasi Toshloq tumani «Yakkatut» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidag yashovchi A. O.ning so‘zlariga ko‘ra, u tuman markazidagi kredit savdo do‘konidan 2 mln 407 ming so‘mlik “Samsung Galaxy A 14 6/128 GD Vlask” markali qo‘l telefonini qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qiladi. Lekin telefonni 10 kun davomida ishlatishi jarayonida aloqa vositasida nuqsonlar aniqlanadi. Uyali telefonni savdo do‘koniga olib kelganida “Servisga olib borsangiz tuzatib berishadi”, degan javobni olgan iste’molchiga, servis markazidagilar “Hozirda bizda ushbu markali telefon uchun ehtiyot qism yo‘q. Siz Qo‘qon shahridan ehtiyot qism olib kelib bersangiz ta’mirlab beramiz” degan javobni oladi. Shundan so‘ng iste’molchi ushbu masalada ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiladi.
Murojaat tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari ko‘rsatib o‘tilgan so‘rov xati kiritildi va uyali aloqa vositasidagi nuqson sotuvchining sa’y-harakatlari bilan servis markazida bepul bartaraf etib berilishiga erishildi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment