Pestisidlar va agroximikatlarni realizasiya qilishda iste’molchiga to‘laqonli ma’lumot berilishi lozim
Iste’molchi tovar yoki xizmatni sotib olar ekan, uni to‘g‘ri va xavfsiz qo‘llash uchun yetarli ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Aks holda noto‘g‘ri foydalanish natijasida moddiy zarar, salomatlikka xavf yoki boshqa noxush oqibatlar yuzaga kelishi mumkin. Federatsiyaning Dang‘ara tuman jamiyati tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlardan biri biri bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi.
Dang‘ara tumanida yashovchi fuqaro Sh.T.ning murojaatida veterinariya dorixonasidan makkajo‘xori ekini ichida o‘suvchi yovvoyi o‘tlar bilan kurashish uchun pestisid sotib olingani, ammo uni qo‘llash tartibi va ehtiyot choralari to‘liq tushuntirilmagani bildirilgan. Natijada pestisid qo‘llanilishi nafaqat yovvoyi o‘tlarni, balki makkajo‘xorini ham quritib qo‘ygan. Bu esa iste’molchining zarar ko‘rishiga olib kelgan. Murojaat asosida o‘rganish o‘tkazilib, holatga aniqlik kiritilgan.
O‘rganish davomida veterinariya dorixonasi mas’ullari bilan suhbat o‘tkazilib, holat tahlil qilinganda iste’molchi tomoni dori vositasini yovvoyi o‘tlar bilan kurashish uchun deb so‘raganligi, sotuvchi tomoni ham berilayotgan dori vositasining alohida xususiyatlari bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirishlar bermaganligi natijasida, makkajo‘xori ekini ichidagi yovvoyi o‘tlar bilan kurashiladigan emas, balki ochiq maydonda o‘sadigan yovvoyi o‘tlardan tozalaydigan vosita berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Muzokara yakunlari bilan dorixona rahbariyati tomonidan iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplab berildi.
Shu o‘rinda bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunidan ayrim normalarni keltirib o‘tishni joiz deb bilamiz.
Qonun 6-moddasiga muvofiq, iste’molchi tovar (ish, xizmat) to‘g‘risida to‘g‘ri, to‘liq va ishonchli ma’lumot olish huquqiga ega.
Bu degani sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi:
— tovarning xususiyatlari;
— uni qo‘llash tartibi;
— xavfsizlik choralari;
— saqlash shartlari;
— ehtimoliy oqibatlar haqida iste’molchiga tushunarli shaklda ma’lumot berishi shart.
Shuningdek, Qonunning 7-moddasida tovar (ish, xizmat) haqidagi ma’lumot iste’molchiga to‘g‘ri tanlov qilish imkonini berishi lozimligi belgilangan. Agar yetarli ma’lumot berilmagani sababli iste’molchiga zarar yetkazilsa, bu holat qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Ayniqsa dori vositalari, veterinariya preparatlari, kimyoviy mahsulotlar va texnik qurilmalarni sotishda iste’molchiga aniq ko‘rsatma berish juda muhim. Chunki mahsulotdan noto‘g‘ri foydalanish:
— moliyaviy zararga;
— hayvonlar yoki inson salomatligiga ziyon yetkazishiga;
— qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois iste’molchi mahsulotni sotib olishdan avval uning qo‘llash tartibi, dozasi, cheklovlari va xavfsizlik talablari haqida batafsil ma’lumot so‘rash huquqiga ega.
Mahsulot, ayniqsa dori vositasi yoki maxsus qo‘llanadigan tovarni xarid qilayotganda:
— qo‘llash tartibini sotuvchidan aniqlashtiring.
— yo‘riqnoma bilan tanishib chiqing.
— chek yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatni saqlab qo‘ying.
— zarar yoki muammo kelib chiqqan taqdirda vakolatli tashkilotlarga murojaat qiling.
Ushbu holat iste’molchilarning o‘z huquqlarini bilishi va ularni himoya qilish mexanizmlaridan foydalanishi muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Iste’molchiga to‘liq va ishonchli ma’lumot berish nafaqat qonuniy majburiyat, balki sifatli xizmat ko‘rsatishning ham muhim sharti hisoblanadi.



Отправить комментарий