Asossiz qarzdorlik bartaraf etildi hamda iste’molchi huquqi tiklandi
Kommunal xizmatlardan foydalanish jarayonida ba’zan iste’molchilar turli tushunmovchiliklar va asossiz hisob-kitoblarga duch kelishi mumkin. Bunday vaziyatlarda o‘z huquqlarini bilish va tegishli tashkilotlarga murojaat qilish muhim ahamiyatga ega.
Yaqinda O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro A.D. ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha hisoblangan qarzdorlikdan norozi bo‘lib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Murojaatda uning xonadoniga nisbatan katta miqdorda qarzdorlik hisoblangani, biroq bu qarzning asosliligi yuzasidan shubhalari mavjudligi bildirilgan.
Murojaatni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari hamda suv ta’minoti korxonasi xodimlari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish davomida suv hisoblagichining texnik holati, qiyoslov hujjatlari, to‘lovlar tarixi va abonent ma’lumotlari o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida iste’molchining suv hisoblagichi belgilangan tartibda o‘rnatilgani, hisoblagich qonuniy tarzda qiyoslovdan o‘tkazilgani hamda iste’molchi tomonidan to‘lovlar amalga oshirib kelingani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, suv ta’minoti korxonasining ma’lumotlar bazasiga hisoblagichning zavod raqami va markasi texnik xatolik sababli kiritilmagani aniqlandi.
Mazkur xatolik oqibatida iste’molchining shaxsiy hisob raqami bo‘yicha asossiz qarzdorlik shakllangan. Muammo yuzasidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, ma’lumotlar qayta ko‘rib chiqildi. Natijada hisob-kitoblarga aniqlik kiritildi va iste’molchini bezovta qilib kelgan muammo ijobiy hal etildi.
Ushbu holat har bir iste’molchi uchun muhim saboq bo‘la oladi. Kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarda tushunmovchilik yoki asossiz qarzdorlik aniqlangan taqdirda, avvalo xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotdan rasmiy tushuntirish talab qilish, zarurat tug‘ilganda esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat etish maqsadga muvofiq.
Unutmaslik kerakki, iste’molchi o‘z huquqlarini himoya qilish, xizmat sifati va hisob-kitoblarning to‘g‘ri yuritilishini talab qilish huquqiga ega. Vaqtida qilingan murojaat esa muammoning adolatli hal etilishiga xizmat qiladi.



Отправить комментарий