Nuqsonli suv nasosi almashtirilishi iste’molchining qonuniy talabi ta’minlanishiga imkoniyat berdi
Iste’molchi sotib olgan tovar sifatli, xavfsiz va belgilangan talablarga javob berishi lozim. Agar mahsulotda ishlab chiqarish nuqsoni aniqlansa, iste’molchi uni bepul ta’mirlatish, xuddi shunday tovarga almashtirish yoki qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlardan foydalanishi mumkin.
Ana shunday murojaatlardan biri Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kelib tushdi va qisqa muddatda ijobiy hal etildi.
Rishton tumani, Nosgar mahallasida yashovchi fuqaro S. M. jamiyatning xizmat telefoni orqali murojaat qilib, tuman hududidagi savdo do‘konidan xarid qilgan «EPA» rusumli suv nasosida nuqson mavjudligini ma’lum qildi. Murojaat belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, o‘rganish uchun qabul qilindi.
Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati huquqiy himoya bo‘yicha mutaxassislari tomonidan murojaat atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida sotuvchi bilan uchrashilib, suv nasosi haqiqatdan ham nuqsonli ekani aniqlandi. Shu bilan birga, sotuvchiga O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 13, 14, 15 va 16-moddalari mazmun-mohiyati tushuntirildi hamda iste’molchining qonuniy huquqlari yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.
Olib borilgan tushuntirish ishlari va qonunchilik talablari asosida sotuvchi tomonidan nuqsonli «EPA» rusumli suv nasosi yangi, soz holatdagi mahsulotga almashtirib berildi. Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal qilinib, uning qonuniy manfaatlari tiklandi.
Hurmatli iste’molchilar tovar xarid qilganingizdan keyin unda nuqson aniqlansa:
— chek yoki tovarni sotib olganingizni tasdiqlovchi hujjatni saqlab qo‘ying;
— nuqsonni o‘zingiz ta’mirlashga urinmang;
— avvalo sotuvchiga yoki ishlab chiqaruvchining vakolatli vakiliga murojaat qiling;
— muammo hal etilmasa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qiling.
Qonunga muvofiq, nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi uni almashtirishni, nuqsonlarni bepul bartaraf etishni, narxni mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib, to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy jamiyatlari fuqarolarning har bir murojaatini qonunchilik asosida o‘rganib, iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy choralarni izchil amalga oshirib kelmoqda.



Отправить комментарий