Quvasoyda aholining huquqiy va moliyaviy savodxonligi oshirishni ko‘zda tutuvchi tadbir o‘tkazildi

Quvasoyda aholining huquqiy va moliyaviy savodxonligi oshirishni ko‘zda tutuvchi tadbir o‘tkazildi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi hamkorligida Quvasoy shahridagi «Mo‘yan» va «Bog‘bon» mahallalarida aholi ishtirokida seminar tashkil etildi.

Unda fuqarolarning huquqiy bilim va moliyaviy savodxonligini oshirish, iste’molchilar duch kelayotgan muammoli vaziyatlar, shartnomaviy munosabatlarda e’tiborli bo‘lish va o‘z huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga kundalik hayotda uchraydigan iste’molchilik munosabatlarida huquq va majburiyatlarni bilish, xizmat va tovarlarni tanlashda mas’uliyatli yondashish, shartnoma shartlariga e’tibor berish muhimligi tushuntirildi. Shuningdek, moliyaviy qarorlarni qabul qilishda ehtiyotkorlik va mavjud huquqiy imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bunday uchrashuvlar aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan bir qatorda, iste’molchilarning o‘z huquqlarini bilishi va ularni amalda himoya qila olishiga xizmat qiladi. Zero, o‘z huquqini yaxshi bilgan va moliyaviy jihatdan savodli fuqaro turli muammoli holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila oladi.

Tadbir Qo‘mitaning bu boradagi alohida buyrug‘ida belgilangan vazifalar, jumladan, aholi, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolar va uy bekalarining huquqiy bilimi hamda moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan seminarlarni mahallalarda tashkil etish vazifalari doirasida o‘tkazildi.

Zero, o‘z huquqini bilgan iste’molchi — o‘z manfaatini himoya qila oladi!

Отправить комментарий