Kreditga olingan muzlatkich nuqsonli chiqdi: muammo iste’molchi murojaatidan so‘ng hal etildi

Kreditga olingan muzlatkich nuqsonli chiqdi: muammo iste’molchi murojaatidan so‘ng hal etildi

Maishiy texnika xarid qilishda mahsulotning narxi yoki tashqi ko‘rishigagina emas, uning sifati va kafolat xizmatlariga ham e’tibor berish muhim. Ayniqsa, mahsulot kredit asosida olingan bo‘lsa, xaridor uchun uning soz ishlashi yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro X. X. ham shunday muammoga duch keldi. U tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan “IDEA CONCEPT GROUP” MChJdan kredit asosida muddatli to‘lov sharti bilan muzlatkich xarid qilgan. Biroq xariddan keyin mahsulotda nuqsonlar aniqlangani sababli iste’molchi norozi bo‘lib, Oltiariq tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.

Jamiyat mutaxassislari murojaatni o‘rganishi davomida iste’molchi ko‘rsatgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Masala yuzasidan “IDEA CONCEPT GROUP” MChJga qarashli savdo do‘koni rahbari va sotuvchilariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari tushuntirildi.

Natijada iste’molchi xarid qilgan nuqsonli muzlatkich servis xizmati orqali ta’mirlab berildi. Shu bilan fuqaroning murojaati bo‘yicha muammo bartaraf etildi.

Mazkur holat iste’molchilar uchun muhim eslatma: maishiy texnika xarid qilinganda shartnoma, to‘lov hujjatlari va kafolatga oid hujjatlarni saqlab qo‘yish zarur.

Mahsulotda kafolat davrida nuqson aniqlansa, avvalo sotuvchi yoki servis xizmatiga murojaat qilish, muammo hal etilmasa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlaridan amaliy yordam so‘rash mumkin.

Eng muhimi, kreditga olingan tovar bo‘lsa ham, iste’molchining sifatli mahsulot olish huquqi saqlanib qoladi. Bu voqeada ham fuqaroning murojaati e’tiborsiz qolmadi — aniqlangan nuqson bartaraf etilib, muzlatkich ta’mirlandi.

Отправить комментарий