«Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni» arafasida

«Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni» arafasida

Ko‘pchiligimizga ma’lum, o‘tgan asrning 60-yillarida iste’molchilik ijtimoiy harakati Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’tirof etilishi ortidan har yili 15 mart kuni dunyoda «Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni» sifatida keng nishonlanib keladi. Shundan kelib chiqqan holda, sohaga daxldor idora va tashkilotlar tomonidan har yili mart oyining ikkinchi o‘n kunligi boshida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkillanadi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi «O‘zarxiv» agentligi tashabbusi bilan Farg‘ona shahrida «Balli qizlar» respublika ko‘rik tanlovi o‘tkazilib, unga tashkilotimiz mas’ullari ham taklif qilingan edi. Hududiy birlashma mas’ullari mazkur ko‘rik tanlov doirasida ishtirokchilarni amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikdan xabardorligi darajasini ham sinab ko‘rish uchun, konkursdan tashqari ravishda, sohaga oid savollardan iborat test o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash bo‘yicha taklif kiritdilar. Taklif ko‘rik-tanlov tashkilotchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shundan so‘ng, konkurs ishtirokchilari — «O‘zarxiv» agentligi tizimida turli viloyatlarda mehnat faoliyati olib borayotgan xodimalarga test savollari berilib, ularning javoblari baholandi.

Test natijalariga ko‘ra, ishtirokchilardan Xudoyberdieva Sarvinoz, Ahadova Aziza va Shodieva Gulhayolar eng yuqori natijalarni ko‘rsatib, mos ravishda birinchi-uchinchi o‘rinlarni egalladilar. G‘oliblarga hududiy birlashmaning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Отправить комментарий