Zamonaviy qulaylikdan foydalanish jarayonida iste’molchida muammo yuzaga keldi

Zamonaviy qulaylikdan foydalanish jarayonida iste’molchida muammo yuzaga keldi

Bugungi kunda internet texnologiyalari hayotimizning har jabhasiga kirib keldi. Tan olish kerak, zamonaviy internet texnologiyalari vositasida yaratilgan turli ilovalar odamlarga uyda o‘tirib, sutkaning istalgan vaqtida kommunal idoralar xizmati uchun to‘lovlarni amalga oshirish, tovar (ish, xizmat)larga buyurtma berish va hakozo, va hokazo ishlarni bemalol amalga oshirish, buning ortidan oltinga teng vaqtlarini tejash imkoniyatlarini bermoqda. Lekin ushbu jarayonda bu kabi dasturlarda vaqtinchalik nosozliklar yuzaga kelib turishi mumkinligini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak bo‘ladi.

Marg‘ilon shahar iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Qo‘shtepa tumani “Xumdon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi N. Sh. dan kelib tushgan murojaatda “Beepul» ilovasi orqali amalga oshirgan to‘lovlari kommunal idoradagi hisob raqamlarga tushmaganligi ma’lum qilinib, holatga aniqlik kiritilishi va hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘ralgan.

Iste’molchining yozishicha, “Beepul» ilovasi orqali elektr energiyasi iste’moli uchun tanishi hisob raqamiga o‘tkazgan 100 000 so‘m va keyinchalik o‘zining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkazgan 35 000 so‘mlik to‘lov summasi uning bank kartasidan yechib olingan bo‘lsada, elektr ta’minoti korxonasidagi tegishli hisob raqamlarga tushmagan. Bu holat esa, o‘z navbatida, kommunal idora oldidagi qarzdorlik summalarini o‘z vaqtida so‘ndirilmay qolishiga sabab bo‘lgan.

Murojaatni o‘rganish ishlari doirasida, to‘lovlarni kelib tushgan yoki tushmaganligi bo‘yicha elektr ta’minoti korxonasidan surishtirilganda mablag‘lar korxona hisob raqamiga kelib tushmaganligi ma’lum bo‘lgan. «Beeline Uzbekistan» mobil aloqa kompaniyasi mas’ullari bilan telefon orqali bog‘lanilib, holat tushuntirilganda, ular tomonidan tarmoqda nosozlik yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilinib, ushbu holatni yuzaga kelishida iste’molchining ishtiroki (aybi) yo‘qligi ma’lum qilindi hamda “Beepul» ilovasi orqali, uch kunlik muddatda, 35000 so‘m pul mablag‘ini N.Sh.ning bank plastik kartasiga qaytarib tushirib berildi. Hozirda iste’molchi tomonidan tanishining elektr energiyasi iste’moli uchun o‘tkazilgan 100 000 so‘m to‘lovning nega kommunal idoraning hisob raqamiga tushmaganligi holati yuzasidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Muhammadaziz Isaqov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий