Xariddan so‘ng nuqsoni aniqlangan tovarning puli qaytarildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Ibn Sino ko‘chasida yashovchi U.Sh.ning 600 000 so‘mga xarid qilingan ayollar shim pidjagida nuqson aniqlangach uni sotuvchiga qaytarishda muammo yuzaga kelayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u shahardagi «R. A.» savdo do‘konidan qizining sarposi uchun yuqoridagi summaga xarid qilgan kiyimning shimida nuqson mavjudligini aniqlagan. Do‘konga kelib, tovarni almashtirish yoki pulini qaytarilishini so‘raganida sotuvchi o‘rniga boshqa tovar berishini aytadi. Lekin do‘konda iste’molchi so‘ragan fasondagi boshqa shunga o‘xshash tovar topilmaydi. Qonunning bunday hollarda pul qaytarilishi lozimligi bo‘yicha talabi esa bajarilmagan.
Shahar jamiyati mutaxassislari murojaatni o‘rganish davomida savdo do‘koni nomiga xat kiritib, yuzaga kelgan holatda qonun talablari va mazkur talablarni bajarilmasligi natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan ogohlantirish berganlaridan so‘ng iste’molchining 600 000 so‘m puli o‘ziga qaytarib olib berilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий