Ta’lim tashkilotlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qanday bormoqda?
Bugun Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda tizimdagi ta’lim tashkilotlarini 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida jamoatchilik vakillariga axborot berib o‘tildi.
Tadbirda boshqarma boshlig‘i Sh.Dolimov tomonidan berilgan axborotda keltirilishicha, ijtimoiy soha ob’ektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, ushbu ob’ektlarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish hamda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, sohaga xususiy investisiyalarni keng jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 10 aprelda qabul qilingan «Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizasiya qilish to‘g‘risida»gi PQ-118-sonli Qarori asosida, viloyatdagi 19 ta tuman va shaharlarning 17 tasidagi 912 ta umumta’lim maktablari va 806 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining issiqlik tizimlarini boshqarish davlat-xususiy sheriklik asosidagi bitimlar bilan tadbirkorlik sub’ektlariga o‘tkazib berilgan.
Hozirda ushbu hududlarda mavjud isitish tizimlarining joriy holatidan kelib chiqib, tizimlarni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, qozonxonalarni modernizasiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini ta’mirlash va belgilangan me’yorlarda ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Jumladan, viloyatda bugungi kun holatiga isitish qozonlarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar 89 foizga radiatorlar o‘rnatish ishlari 90 foizga elektr bilan ta’minlash uskunalari (dvijoklar) yetkazib berish 91 foizga bajarilgan va 1092 ta ob’ektlardagi 288 968 metr isitish quvurlari yangilanib, bu boradagi ishlar rejaga nisbatan 92 foizni tashkil qilmoqda.
Viloyatning qolgan 2 ta hududi: Farg‘ona shahri hamda So‘x tumanidagi ta’lim muassasalari issiqlik tizimlarini boshqarish ishini tadbirkorlik sub’ektlariga o‘tkazib berish ishlari esa kelgusi yilga rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda Farg‘ona shahri ta’lim tashkilotlari uchun kuz-qish mavsumi uchun zarur bo‘lgan 987 tonna, So‘x tumani bo‘yicha esa 2708 tonna ko‘mir yoqilg‘isi to‘liq jamg‘arilgan.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Suratlarni O‘zA fotomuxbiri Muqimjon Qodirov olgan
Отправить комментарий