Uch yarim million so‘m asossiz qarzdorlik iste’molchi zimmasidan soqit qilindi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning A.Navoiy ko‘chasida yashovchi X.N.ning elektr energiyasi to‘lovlarida yuzaga kelgan tushunmovchilikka oydinlik kiritib berilishida amaliy yordam ko‘sratilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, u 2020 yilda korobka holatida xarid qilingan ushbu xonadonga 2021 yilda qurilish ishlari to‘liq tugallangach ko‘chib kirib yashashni boshlagan. Iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni to‘lab kelayotgan bo‘lsada, negadir keyinchalik unga xonadonda iste’mol bo‘yicha 3 600 000 so‘m qarzdorlik yuzaga kelganligi va uni bartaraf qilish lozimligi ma’lum qilingan. Holatga o‘z kuchi bilan oydinlik kirita olmagach shahar jamiyatiga bu borada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.
O‘tkazilgan o‘rganish ishlarida qarzdorlik elektr ta’minoti korxonasi mas’ullari tomonidan xonadonga hisoblagich o‘rnatilishi va keyinchalik ko‘rsatkichlarni bazaga kiritib borilishi jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolik tufayli kelib chiqqanligi hamda qarzdorlik penyalari bilan qo‘shib hisoblanganda 3 549 000 so‘mni tashkil qilganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari davomida yuzaga kelgan qarzdorlik asossiz deb e’tirof etilib, uni iste’molchining majburiyatidan soqit qilish chora-tadbirlari ko‘rildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий