Nuqsonli avtomagnitola boshqa markadagisiga almashtirildi
Beshariq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Qiyat Sartol» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi N.A.ning shaxsiy avtomashinasida foydalanish uchun xarid qilgan avtomagnitolasi ishlamay qolganligi, sotuvchi tomonidan uning qonuniy talablarini qanoatlantirmayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida bayon qilishicha, tumanda faoliyat olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkor S.E.ga qarashli do‘kondan 1 400 000 so‘mga «Dominant» rusumli avtomagnitola xarid qiladi. Lekin undan foydalanishi jarayonida avtomagnitolada nuqson kuzatilib, ishlamay qoladi. Savdo do‘koni rahbariga bu borada qilgan murojaati samara bermagach, o‘zining qonuniy huquqlari ro‘yobga chiqarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qiladi.
Murojaat savdo do‘koni rahbari ishtirokida o‘rganilishi jarayonida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi. O‘rganish ishlari yakunlari bilan esa, iste’molchining roziligi asosida, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun 13-moddasidagi huquqlaridan kelib chiqqan holda, qonunning 14 va 17-moddalari tartibida, nuqsonli tovar boshqa markadagi xuddi shunday, maqbul sifatdagi tovarga almashtirilib, iste’molchining huquqlari tiklab berilishiga erishildi.
Xamidjon Axmedov,
tuman jamiyati raisi.
Отправить комментарий