Boshqa hisob raqamiga o‘tib ketgan pul mablag‘i egasiga qaytarildi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tumandagi «Axshak» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi G.A. og‘zaki ravishda murojaat qilib, ichimlik suvi uchun to‘langan to‘lovlar bo‘yicha yuzaga kelgan holatga oydinlik kiritib berilishini so‘ragan.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchining ichimlik suvi yetkazib berish korxonasi xodimi vositasida paynet shoxobchasi orqali amalga oshirilgan 140 000 so‘m to‘lovi korxonaning PK hisob dasturi bo‘yicha boshqa iste’molchining hisob raqamiga o‘tib ketgan ekan. Bu esa keyinchalik, iste’molchining shaxsiy hisob-kitobi bo‘yicha unda qarzdorlik bo‘lmasada, bazadagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
O‘rganish ishlari doirasida to‘plangan ma’lumotlar asosida “Farg‘ona suv ta’minoti” MChJ Toshloq tuman bo‘limiga xat kiritilib, mazkur tashkilotdan iste’molchining pul mablag‘i haqiqatan ham boshqa iste’molchi hisob raqamiga o‘tib ketganligi, hozirda ushbu to‘lov summasi iste’molchi hisob raqamiga qaytarib o‘tkazilgani hamda bugungi kun holatiga unda iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi bo‘yicha javob xati olindi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий