Iste’molchini 3 oy davomida qiynab kelgan muammo bartaraf qilindi

Iste’molchini 3 oy davomida qiynab kelgan muammo bartaraf qilindi

Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Bahor» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M. Tuxvatullinaning tumandagi savdo markazidan xarid qilgan muzlatkich sifatsiz chiqqanligi yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha. iste’molchi joriy yilning 14 iyulida “Imkon” savdo markazidan tegishli shartnoma asosida umumiy qiymati 10 279 000 so‘m bo‘lgan SAMSUNG UZB RT35K5440S8 rusumli muzlatkichni tovar qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qiladi. Shartnomaga ko‘ra u har oyda 1 190 700 so‘mdan to‘lab borishi belgilangan va uning qo‘liga to‘lovlar grafigi chiqarib berilgan. Savdo amalga oshirilgan kunni o‘zida iste’molchi naqd shaklda 1 200 000 so‘m miqdoridagi birinchi to‘lovni ham amalga oshirgan.

Lekin muzlatgichdan foydalanishi jarayonida unda nuqson mavjudligini aniqlab, bu borada savdo markaziga o‘z e’tirozlari bilan murojaat qiladi. Do‘kon xodimlari ushbu murojaat asosida Farg‘ona shahridagi servis markaziga xabar berganlaridan so‘ng, servis markazidan iste’molchi xonadoniga tashrif buyurgan ustalar muzlatgichning sovutish qismida haqiqatda ham nuqson borligini aniqlaydilar. Tez orada ushbu kamchilikni bartaraf etib berilishi aytilsada, ishlar paysalga solib kelinadi.

Tuman jamiyati xodimlari iste’molchi murojaati asosida servis markaziga mutaxassislari bilan bog‘langanlarida kerakli ehtiyot qismi yo‘qligi sababli muzlatgichdagi nuqsonlarni bartaraf etib berish ishlari cho‘zilib ketganligini ma’lum qildilar. O‘rganish ishlari davomida iste’molchi va sotuvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra hamda iste’molchining roziligi asosida nuqsonli tovarni sotuvchiga qaytarish, iste’molchi tomonidan shu kunga qadar to‘langan 4 800 000 so‘m pulni uning shu savdo markazidan xarid qilgan boshqa tovarlari to‘lovi uchun yo‘naltirilishiga kelishildi. Iste’molchi murojaatini o‘rganish ishlaridan qoniqish hosil qilganligini va sotuvchiga nisbatan boshqa e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qildi.

Shavkatjon Saidov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.

Отправить комментарий