Sifatsiz ta’mirlangan muzlatgich bo‘yicha murojaat iste’molchi foydasiga hal etildi

Sifatsiz ta’mirlangan muzlatgich bo‘yicha murojaat iste’molchi foydasiga hal etildi

Yozyovon tumanida yashovchi fuqaro E.J. tomonidan muzlatgichni ta’mirlash xizmati sifati yuzasidan qilingan murojaat tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqilib, muammo iste’molchi manfaati asosida hal etildi.

Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro o‘zining “Samsung” rusumli muzlatgichini ta’mirlash uchun ustaxonaga topshirgan. Usta muzlatgichning plata qismi kuyganini bildirib, uni ta’mirlab bergan va xizmat haqi sifatida 170 ming so‘m olgan. Biroq oradan uch kun o‘tib, muzlatgich yana ishdan chiqqan.

Iste’molchining ta’kidlashicha, qo‘yilgan ehtiyot qism sifatsiz bo‘lgani sababli nosozlik qayta takrorlangan. Fuqaro xizmatni qayta sifatli qilib berish yoki to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qilgan. Ammo usta muzlatgichni yana ta’mirlash uchun qo‘shimcha 170 ming so‘m to‘lash lozimligini bildirgan.

Mazkur murojaat amaldagi qonunchilik talablari asosida o‘rganilishi jarayonida haqiqatdan ham muzlatgichga qo‘yilgan ehtiyot qism sifatsiz chiqqanligi qayd qilindi. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, agar ijrochi ish bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) jaaryonida jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, ishning takroran bajarilishini yoki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli. Demak bundan ko‘rinadiki, iste’molchining dastlab ustaxonaga murojaat qilganida ustaga ishni qaytadan sifatli qilib bajarish yoki to‘langan pulni qaytarish to‘g‘risida talab qo‘yishi o‘rinli bo‘lgan va usta tomonidan ushbu qonuniy talabni bajarish choralarini ko‘rilishi lozim edi.

O‘rganish davomida iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchiga qonunchilik talablari, ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilishi davomida ustaxona xodimi o‘z majburiyatini tan olib, iste’molchidan qo‘shimcha haq talab qilmasdan, shu kunning o‘zida sifatli ehtiyot qism qo‘yib muzlatgichni qayta ta’mirlab berish majburiyatini zimmasiga oldi.

Отправить комментарий