Talabalar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan media-tadbirlar rejasiga asosan Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchi va talabalari hamda ommaviy axborot vakillari ishtirokida “2022 yil davomida iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar tahlili” mavzusida ochiq muloqot tashkillandi. Ochiq muloqot tadbirida hududiy birlashmaning doimiy hamkorlaridan bo‘lgan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi Farg‘ona viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari ham ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Muloqot doirasida Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tizimiga 2022 yil davomida fuqaro (iste’molchi)lardan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan atroflicha tahliliy ma’luomtlar berib o‘tildi. Ta’kidlandiki, tizim tashkilotlariga o‘tgan yil davomida jami 840 ta yozma, og‘zaki va elektron shakldagi murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 99,5 foizi ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga jami bo‘lib 1 milliard 026 million 380 ming 749 so‘m yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.
Shundan 2 ta holatda tuman, shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Natijada iste’molchilarning buzilgan huquqlari sudlarda himoya qilindi, tiklandi va eng asosiysi 9 million 500 ming so‘m miqdorida iste’molchilar ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlarning oldi olingan bo‘lsa, 5 ta holatda esa nazorat qiluvchi organlar yordamida iste’molchilarning 15 million 487 ming 820 so‘m miqdoridagi huquqlari tiklab berilgan.
Iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar tahlil etilganda, ularning aksariyati gaz ta’minoti (35,1 foiz), savdo (24,3 foiz), elektr ta’minoti (8,8 foiz), suv ta’minoti (7,8 foiz), xizmat ko‘rsatish (servis) (5,3 foiz), kommunal xizmat ko‘rsatish (2,2 foiz), aloqa (2,3 foiz), sog‘liqni saqlash (1,2 foiz), transport (1,5 foiz) va boshqa sohalarga (11,5 foiz) to‘g‘ri keladi.
Sohalar bo‘yicha murojaatlar dinamikasiga e’tibor qaratilsa, 2020-2022 yillar davomida faqatgina gaz ta’minoti masalalaridagi murojaatlar sonida keskin o‘zgarishlar bo‘lganligi kuzatiladi. 2021 yilda bu boradagi murojaatlar 2020 yilga nisbatan 3,5 barobarga ortgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu yo‘nalishda biroz pasayish kuzatildi, lekin boshqa murojaatlarga nisbatan ularning ulushi yuqoriligicha qolmoqda (jami murojaatlarning 35,1 foiz). Boshqa yo‘nalishdagi murojaatlar sonida esa keskin o‘zgarishlar kuzatilgani yo‘q.
Murojaatlarning kelib tushish manbalariga e’tibor qaratilsa, ularning aksariyati yoki 56,3 foizi hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlarni tashkil qilgan bo‘lsa, 35 foizi Federatsiya ishonch telefoni orqali, 3,2 foizi Federatsiya telegram boti, 2,9 foizi Prezident portali, 2,6 foizi esa Bosh prokuratura ishonch telefoni orqali kelib tushgan.
Shuningdek, tadbir davomida Federatsiya miqyosida iste’molchilarning murojaatlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarga ham to‘xtalib o‘tilib, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий