Iste’molchining 476 ming so‘m puli yoniga qoladigan bo‘ldi
Amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tomonidan kafolat muddati belgilanishi lozim. Albatta, uzoq muddatli tovarga kafolat muddati belgilanmaganligi iste’molchining qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqarishi yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘la olmasada, oldi-sotdi jarayonida sotilayotgan tovarga «falon yil kafolat muddati mavjud» deyilishi uning jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy.
Tovarga kafolat muddati belgilanar ekan, ishlab chiqaruvchi yoki ushbu tovarlarni realizasiya qilayotgan sotuvchi qonun bilan o‘ziga belgilab berilgan majburiyatlari mavjudligini ham unutmasligi lozim bo‘ladi. Vaholanki, tovarda kafolat muddati ichida aniqlangan nuqson iste’molchiga bir qator hatti-harakatlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratib beradi. Iste’molchining shunday harakatlaridan biri tovarda aniqlangan nuqsonlarni bepul bartaraf ettirish huquqidir.
Shunday holatlardan birini Farg‘ona tumani «Gulpiyon» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.M.ning Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati misolida ko‘rib chiqaylik.
Iste’molchiga ko‘ra, u joriy yilning 1 avgust kunida Farg‘ona shahridagi «Garant» savdo do‘konidan qiymati 2 424 000 so‘mlik «WP-76» rusumli motopompani 1 yil muddat ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan. Biroq motopompadan bir hafta foydalanmasidan uning shatun qismida yoriq paydo bo‘lganligini payqagach, sotuvchiga bu haqda murojaat qilgan. Sotuvchi unga ushbu holatda shaharning Qirguli mavzesidagi servis ustaxonasiga murojaat qilishi lozimligini tushuntirgan. Lekin nuqson kafolat muddati ichida aniqlanganligiga qaramasdan, ustaxonadagilar undan ta’mirlash ishlari uchun 476 000 so‘m pul so‘rashgan. Bundan ajablangan iste’molchi shahar jamiyatiga murojaat qilib, mazkur masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Murojaat qabul qilinib, tegishli ravishda rasmiylashtirilgandan so‘ng, shahar jamiyati nomidan servis ustaxonasiga amaldagi qonunchilik talablari aks etgan aloqa xati kiritildi, shuningdek ustaxona mas’ul xodimiga bu boradagi tushuntirish ishlari ham olib borildi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan servis xizmati mas’ullari iste’molchi bilan bog‘lanib, u tomonidan xarid qilingan tovarda aniqlangan nuqsonni bepul bartaraf etib berdilar. Murojaatini o‘rganish natijalaridan ko‘ngli to‘lgan iste’molchi esa minnatdorchilik xati yozib, elektron shaklda shahar jamiyati manziliga yubordi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Отправить комментарий