Hech bir murojaat e’tibordan chetda emas
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqilishi natijalariga ko‘ra salkam 47 milliard so‘m mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilgani xususida ma’lumotlarni e’lon qildi. Ushbu murojaatlar ichida kimningdir nazarida arzimas masaladek bo‘lib ko‘rinadigan murojaatlar ham borki, bu kabi masalalar Federatsiya tizimi tashkilotlarida e’tibordan hecham chetda qoldirilmagan holda ko‘rib chiqilib, ijobiy hal qilinishi choralari ko‘rib kelinmoqda. Zero ana shu milliardlar ortida Federatsiya xodimlarining misqollab yig‘ilgan mehnati natijalari yotibdi.
Shunday murojaatlardan biri sifatida Farg‘ona shahrining «Oqariq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi A.V.ning xarid qilingan telefon quvvatlagichining nuqsonli chiqqani, sotuvchi esa uni almashtirib berishdan bo‘yin tovlayotgani xususida Federatsiyaning ishonch telefoniga qilgan murojaatini keltirib o‘tish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi shahardagi «A…» savdo do‘konidan 36 000 so‘m evaziga telefon apparatiga quvvatlagich xarid qiladi. Lekin ishlatishi jarayonida quvvatlagichda nuqson borligini payqaydi. Sotuvchiga bu borada qilgan murojaatiga esa «Sotilgan buyum qaytarib olinmaydi» qabilidagi javobni olgach, Federatsiya ishonch telefoniga bog‘lanib, ushbu masalada o‘zining qonuniy huquqlari himoya qilinishini so‘raydi.
Ushbu holatda, agar iste’molchi tomonidan bildirilgan e’tiroz asosli bo‘lsa, ya’ni iste’molchining tovarni mazkur sotuvchidan sotib olinganligi tasdiqlansa va tovarda haqiqatda nuqson mavjudligi ma’lum bo‘lsa, sotuvchi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasi talablaridan kelib chiqib, tovarni almashtirish to‘g‘risidagi talabni 7 kunlik muddat ichida qondirishi shart edi. Aks holda iste’molchida, tovarni almashtirilishi bilan bir vaqtda, ko‘rsatilgan muddatlardan o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) undirib olish huquqi ham vujudga kelar edi.
Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari qonunning mazkur talablarini sotuvchiga tushuntirganlaridan so‘ng, u hech ikkilanishsiz nuqsonli quvvatlagichni maqbul sifatdagisiga almashtirib berdi. Bu bilan esa Federatsiya tizimida iste’molchilar foydasiga hal qilib berilgan mablag‘lar jami summasining 48-milliardga qarab siljishiga kichkinagina hissa qo‘shildi.
Azamatjon Babayev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий