Nuqsonli mobil qurilma almashtirib berildi
Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning Samarqand qishlog‘ida yashovchi M.R.ning xarid qilgan mobil qurilmasi nuqsonli chiqqach uni sotuvchiga qaytarib almashtirib olomayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u tumandagi savdo markazidan 4 350 000 so‘mga Samsung A13 rusumli mobil telefon apparatini xarid qilgan. Tovar uchun to‘lov naqd pulda amalga oshirilgan. Lekin mobil qurilmani uyga keltirib foydalanish jarayonida unda nuqsonlar mavjudligini payqagach, savdo markaziga qaytib kelib, tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirish talabini qo‘yganida rad javobi olgan.
Tuman jamiyati mutaxassisi mazkur murojaat asosida sotuvchi bilan uchrashib masalaga oydinlik kiritgach, unga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini tushuntirdi. Iste’molchining qonuniy talabini bajarmaslik oqibatida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlarni to‘g‘ri anglab yetgan sotuvchi iste’molchining qo‘lidagi nuqsonli telefon apparatini xuddi shu rusumdagi maqbul sifatlisiga almashtirib berdi.
— Tuman jamiyatiga qilgan murojaatim ortidan nuqsonli telefonni maqbul sifatlisiga almashtirib olishga muvaffaq bo‘ldim. Jamiyat xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, — deydi iste’molchi M.R.
Diloromxon Mirzayeva,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Отправить комментарий