Hududiy birlashma Konstitusiya qabul qilingan sana bilan bog‘liq bayram arafasida ochiq muloqot tadbiri o‘tkazdi
Hududiy birlashma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi va Farg‘ona viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan media tadbirlar rejasi asosida Farg‘ona shahridagi “NNTlar uyi”da «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlari: Konstitusiya va sohaga oid qonunlarda iste’molchi huquqining ustivorligi tamoyillari» mavzusida ochiq muloqot tashkillandi. Tadbirda O‘zNNTMAning Farg‘ona viloyat bo‘linmasi hamkorlik qildi.
Tadbirda asosiy e’tibor barchaning iste’molchi ekanligidan kelib chiqib, mamlakatimiz Konstitusiyasi va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligida aholi (iste’molchilar)ning huquqlari ustivorligi ta’minlab berilganligi, ushbu holat xalqaro huquq normalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikasiya qilingan xalqaro shartnomalar talablariga to‘laqonli mos kelishiga qaratildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizning 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan va O‘zbekiston Respublikasining 01.05.2023 yildagi O‘RQ-837-son Konstitusiyaviy Qonuni bilan yangi tahrirda qabul qilingan Konstitusiyasida iste’molchi huquqining ustivorligi tamoyillari belgilab qo‘yilgan. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 13-moddasida shunday deyiladi:
O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Konstitusiyaning 55-moddasiga asosan esa:
Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.
Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Konstitusiyaning 65-moddasiga asosan:
Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.
O‘z-o‘zidan ma’lumki, jamiyatda qabul qilinayotgan har qanday qonunlar mamlakat Konsitusiyasida belgilab qo‘yilgan normalarga zid kelishi, fuqarolarning Konstitusiyada belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklarini cheklash yoki kamaytirishi mumkin emas. Shunday ekan, mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarni himoya qilish to‘g‘risida qabul qilingan va qabul qilinayotgan barcha qonunlarda fuqarolarning Konstitusion huquqlaridan kelib chiqiladi.
Jumladan, 1996 yilning 26 aprelida qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasida:
Qonunchilik hujjatlari ushbu Qonunda belgilangan iste’molchilarning huquqlarini cheklab qo‘yishi, ularni himoya qilishning kafolatlarini kamaytirishi mumkin emasligi bo‘yicha norma mavjud bo‘lib, bu norma iste’molchilarning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan boshqa qonunchilik hujjatlarini qabul qilinishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu o‘rinda, qonunlariimizda iste’molchi huquq va manfaatlarini aks etitirishda mazkur
Qonunning 3-moddasidagi:
Agar O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnoma yoki bitimda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi, degan norma mavjudligini ham yodda tutish lozimdir.
Bugungi kunda mamlakatimizda qabul qilingan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar sog‘ligini saqlash to‘g‘risida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Texnik jixatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlari va qonunosti hujjatlarida iste’molchining huquq va manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlab beruvchi normalar belgilab qo‘yilgan.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий