To‘qqiz million so‘mligi da’vo qilingan qarzdorlik isbotini topmadi
Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Hosilot» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi H.M.ning suv oqova xizmatlari bo‘yicha asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi va ushbu holatga oydinlik kiritilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining bildirishicha, suv oqova xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona tomonidan uning tasarrufida bo‘lgan xonadonga nisbatan katta miqdorda qarzdorlik hisoblanib, uni bartaraf qilinishi so‘ralgan. Fuqaroning qo‘shimcha ma’lum qilishicha, xonadonga 2017 yilning 28 aprel kunida suv hisoblagich uskunasi o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt davomida xonadonda hech kim yashamagan. To‘lovlarni esa hisoblagich ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘lab boravergan. Shu kunga qadar to‘langan summa esa 377 000 so‘mni tashkil qilgan. Fuqaroning qo‘lida xonadondagi suv hisoblagich uskunasining 2022 yil 15 noyabr kunida qiyoslov ko‘rigidan o‘tganligini va uning amal qilish muddati 2030 yil 15 noyabrgacha ekanligini tasdiqlovchi guvohnoma ham mavjud.
Lekin shu yilning oktyabr oylariga kelib suv ta’minoti korxonasi mas’ullari tomonidan xonadonning korxona komp’yuter bazasi ko‘rsatkichlari bo‘yicha 9 471 574 so‘m qarzdorligi mavjudligi, qarzdorlik 2017-2023 yillar davomida xonadondagi ichimlik suvi iste’molining me’yoriy to‘lov asosida hisoblab borilishi va fuqaro har oyning 5 sanasiga qadar hisoblagich ko‘rsatkichlarini korxonaga taqdim qilib bormaganligi oqibatida kelib chiqqanligi, o‘tgan davr ichida uning tomonidan to‘langan 377 000 so‘m chiqarib yuborilgan taqdirda ham 9 094 574 so‘m qarzdorlikni bartaraf qilishi lozimligi aytiladi. Iste’molchi holatga o‘z kuchi bilan aniqlik kirita olmagach bu borada tuman jamiyatiga murojaat qiladi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida tuman jamiyati tomonidan suv ta’minoti korxonasiga kiritilgan so‘rov xatiga fuqaro ichimlik suvi ta’minoti korxonasiga «barcha hujjatlari bilan kelib qayta hisob-kitob qilingani holda, hisob raqamiga birikib qolgan qarzdorlikka aniqlik kiritildi va ko‘rsatkich kiritish orqali hisoblangan noreal qarzdorlik yechib berildi», mazmunida javob olindi.
Olib borilgan o‘rganishlar yakuni bilan fuqaroga hisoblangan qarzdorlikning asossizligi, uning mazkur to‘lovlardan qarzdorligi yo‘qligi haqida yozma ma’lum qilindi.
Abrorjon Isaqov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий