Sifatsiz oshxona anjomlari sifatlisiga almashtirildi
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Yangier qishlog‘ida yashovchi M.N.ning xarid qilingan oshxona anjomlarini sifatsiz chiqqanligi holati yuasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi o‘z murojaatida, shaharning Markaziy Dehqon bozori hududidagi savdo do‘konidan 2 300 000 so‘mga oshxona anjomlari jamlamasi( chinni choynak, piyola, likoplar va hokazolar)ni xarid qilganligini, jamlama uyga keltirib ko‘rilganda ularning ichidan yaroqsizlari chiqqanligini, sotuvchiga to‘plam ichidagi yaroqsizlarini sifatlisiga almashtirib berilishini so‘rab qilgan murojaati esa ijobiy yechim topmaganligini ma’lum qiladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ite’molchi o‘ziga sotilgan to‘plamlar, garniturlar, komplektlar va komplekslarning mustaqil tarkibiy qismi bo‘lgan va mustaqil narxga ega bo‘lgan buyumlarda nuqsonlar borligini aniqlagan taqdirda, butun to‘plam, garnitur, komplekt va kompleksga nisbatan ham, ularning nuqsonlari bor mustaqil tarkibiy qismlariga nisbatan ham o‘zining qonuniy talablarini qo‘yish huquqiga ega.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, jamiyat xodimlarining sotuvchi bilan uchrashib, unga qonunchilik talablarini tushuntirishlari oqibatida, iste’molchi o‘z kuchi bilan hal qila olmagan masalaga qonuniy yechim topildi. Xarid qilingan oshxona anjomlarining nuqsonlilari sifatlisiga almashtirilib, iste’molchining huquqi himoya qilinishiga erishildi.
Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.
(illyustrativ foto)
Отправить комментарий