Tilla buyumni sotuvchiga qaytarish mumkinmi?
So‘zimizni boshida iste’molchilarga shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13.02.2002 yildagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasiga muvofiq, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar «Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati»ga kiritilgan. Ya’ni bu kabi buyumlarni xarid qilgach, iste’molchi ularning qandaydir iste’mol xususiyatlari: rangi, shakli, o‘lchami, fasoni kabi xususiyatlari yoqmaganligi yoki mos kelmaganligi kabi vajlar bilan ularni sotuvchidan almashtirib ololmaydi (oldi-sotdi jarayonida sotuvchi va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan yozma yoki og‘zaki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
Bunday turdagi tovarlarni sotuvchiga qaytarish yoki uni almashtirish uchun tovar haqida iste’molchiga noto‘g‘ri (yolg‘on) yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan bo‘lishi yoxud tovarda qandaydir nuqson bo‘lishi lozim, ya’ni ularda sotib olungunga qadar sotuvchi tomonidan qayd qilinmagan nuqsonlar aniqlangan, davlat asillik darajasi tamg‘asi yoki belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi izining zargarlik qotishmasining haqiqiy asillik darajasiga, buyum xususiyatining plombalangan yorliq ma’lumotlariga mos kelmaganligi kabi holatlardan biriga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi kerak bo‘ladi.
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Oltiariq tumanida yashovchi M.Sh.ning xarid qilingan tilla buyumning sifati talabga javob bermasligi yuzasidan qilgan murojaati ham shunday murojaatlardan biridir. Murojaatni o‘rganish natijalari iste’molchiga tovar haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilganligini, tovar sotuvchi tomonidan aytilgan darajadagi sifatda emasligini ko‘rsatdi. O‘rganish yakuni bilan esa shartnoma bekor qilinib, tilla buyum sotuvchiga, 4 600 000 so‘m pul esa iste’molchiga qaytarildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий