Yaroqlilik (saqlash) muddatlari o‘tgan mahsulotlarni realizasiya qilish taqiqlanadi
Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shu tumanda yashovchi X.M.ning unga savdo do‘koni tomonidan sotilgan oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik (saqlash) muddati o‘tgan bo‘lib chiqqanligi, buni u xonadoniga borganida bilganligi, bunday holatlarni oldini olish maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, har bir donasi 5 ming so‘mdan bo‘lgan, jami 3 dona «Musaffo» bolalar shaftolili sirok mahsuloti joriy yilning 22 iyun kunida tuman Dehqon bozori hududida savdo faoliyatini olib boradigan yakka tartibdagi tadbirkor I.I.ga qarashli bo‘lgan savdo do‘konidan xarid qilingan. Mahsulot xonadonga keltirilib, iste’mol uchun ochilishi jarayonida uning yaroqlilik (saqlash) muddati bir oy oldin o‘tib ketganligini aniqlagan. Shundan so‘ng tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga bu borada murojaat kiritgan.
O‘rganish ishlari davomida sotuvchi, haqiqatan ham, mahsulot uning savdo do‘koni tomonidan realizasiya qilinganligini, mahsulotlarning yaroqlilik (saqlash) muddatlarini doimiy ravishda nazorat qilib turishsada, iste’molchi xarid qilgan turdagi mahsulotni muddati o‘tganligi e’tibordan chetda qolganligi, o‘rganish ishlari davomida nazoratdan o‘tkazganlarida ushbu mahsulotdan yana 75 000 so‘mlik qoldiq qolganligini, ularni ham savdodan olishganini, iste’molchidan uzr so‘rashi va mahsulotni almashtirib berishini ma’lum qilib yozma tushuntirish taqdim qildi.
O‘rganish yakunlari bilan sotuvchiga yaroqlilik (saqlash) muddatlari ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun qabul qilish hamda realizasiya qilish taqiqlanishi, bunday holat takrorlangan holda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasi bilan jarima qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish xati berildi.
Hamidjon Axmedov,
tuman jamiyati raisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayrlandi)
Post Comment