Yangi deb qo‘yib berilgan ehtiyot qism avval iste’molda bo‘lgan bo‘lib chiqdi
Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Yakkatut» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi T.I. ning changyutgichni nosoz motori boshqasiga almashtirilgani bilan undagi nuqson bartaraf bo‘lmaganligi yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatchiga ko‘ra, u Marg‘ilon shahri “Ipakchi” buyum bozorida faoliyat yuritayotgan texnikalarni ta’mirlash ustaxonasiga changyutgichini ta’mirlatish uchun olib kelganida, usta changyutgichning motor qismini almashtirish kerakligini, xizmat narxi 200 000 so‘m bo‘lishini aytadi. Murojaatchi aytilgan mablag‘ni to‘lab, «soz holatga keltirildi» deya o‘ziga qaytarilgan texnikani xonadoniga olib borib ishlatib ko‘radi. Biroq motor qismi almashtirilgani bilan undagi nosozlik to‘liq bartaraf bo‘lmaganini ko‘rib, bu haqida ustaga bir necha bor aytgan bo‘lsada, uning sa’y-harakatlari natija bermagach, almashtirilgan motor uchun to‘langan mablag‘ni qaytarib olishida amaliy yordam so‘rab Toshloq tuman jamiyatiga murojaat qilgan.
Tuman jamiyati ushbu holat yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari, xususan yuzaga kelgan holatda iste’molchi huquqlarini o‘zida aks ettirgan da’vo talabnomasi shaklidagi xatni xizmat ko‘rsatuvchiga kiritdi. O‘rganish davomida nosoz motor o‘rniga qo‘yilgan ehtiyot qismning yangi emasligi, avval iste’molda bo‘lgani qayd qilinib, uning uchun to‘langan 200 000 so‘m pul summasi iste’molchiga qaytarildi.
Husnidaxon Yakubova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment