Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida olib borilayotgan ijtimoiy sheriklik va hamkorlik masalalarida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Farg‘ona shahridagi «NNTlar uyi»da «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilimlari va iste’mol madaniyatini oshirishda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi bilan olib borilayotgan ijtimoiy sheriklik va hamkorlik» mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Hududiy birlashma tomonidan media-tadbirlar rejasi asosida tashkillangan mazkur muloqot Raqobat boshqarmasi hamda O‘zNNTMAning viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan hududiy birlashma raisi Ahrorjon Raxmonaliev Federatsiyaning hududiy tashkilotlari hamda Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari o‘rtasida olib borilayotgan ijtimoiy sheriklik hamda hamkorlik, bu borada O‘zbekiston Respublikasining «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonuni yaratib berayotgan imkoniyatlar, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlashda vakolatli davlat boshqaruvi idoralari, jumladan Raqobat qo‘mitasining viloyatdagi hududiy boshqarmasi hamkorligida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilim saviyasi va iste’mol madaniyatini oshirish yo‘nalishidagi, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun asosida o‘tkazilayotgan jamoatchilik nazorati tartibidagi tadbirlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Raqobat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nodirbek Yusupov tizim tashkilotlari tomonidan iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan hamkorlik haqida gapirar ekan, O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 31 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1078-son Qonuni bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan muhim o‘zgartirishlar haqida ham gapirib o‘tdi. Xususan, kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga asosan, agar sotuvchi tovarni shartnomada belgilangan muddatda yetkazib bermasa, u har bir kechikkan vaqt birligi (daqiqa, soat, kun) uchun ushbu tovar narxining 0,5 % miqdorida penya to‘lashi shart bo‘lishi, lekin bunda penyaning umumiy miqdori yetkazib berilmagan tovar narxining 100 % idan oshmasligi kerakligi, shartnomada penya miqdorini 0,5 % dan kam belgilash mumkin emasligi kabi normalarga, bu me’yor iste’molchilarning manfaatini himoya qilish maqsadida joriy qilinganligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Muloqot doirasida ishtirokchilarining tadbir mavzusiga oid masalalardagi fikr-mulohaza hamda takliflari tinglanib, ularning ushbu yo‘nalishdagi savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi.
Post Comment