Iste’molchi bank kartasidan tijorat banki tomonidan asossiz mablag‘ yechib olinishi holati bartaraf qilindi
Bundan ikki yil oldin O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasida Quvasoy shahrilik iste’molchi M.Yu.dan nomida hech qanday kredit bo‘lmasada AT Xalq banki tomonidan asossiz ravishda o‘zining bank plastik kartasidan mablag‘ yechib olinganligi, ushbu holatga aniqlik kiritilishi va mablag‘ni qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab yozma murojaat kelib tushgan, murojaat o‘rganib chiqilib, uning manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan hamda sud qarori bilan uning foydasiga 2 839 574 so‘m moddiy va ma’naviy zararlar undirib berilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kunida iste’molchidan yana shu mazmundagi murojaat kilib tushdi. Unda M.Yu. AT Xalq banki tomonidan o‘zining bank plastik kartasidan takroran 3 789 923 so‘m mablag‘ yechib olinganligini, mazkur masalani qonuniy hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Iste’molchi murojaati asosida bank muassasasiga so‘rov xati kiritilib, o‘rganishlar davom ettirilganda, murojaatda keltirilgan vajlarning asosli ekanligi isbotini topib, tijorat bankidan ushbu holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, mablag‘ to‘lig‘icha iste’molchining bank plastik kartasiga qaytarilganligi hamda kelgusida ushbu holat takrorlanmasligi uchun bank elektron bazasidan uzilganligi yuzasidan javob xati olindi va o‘rganish yakunlari tegishli tartibda iste’molchiga ma’lum qilindi.
Faxriddin Boynazarov,
hududiy birlashma sho‘’ba boshlig‘i.
Post Comment